Jenevada O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 5-yig‘ilishi boshlandi
Jeneva shahrida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda JSTga a'zo mamlakatlarning 60 dan ortiq delegatsiyalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan 25ta JSTga a'zo-davlatlarning barchasi, shu jumladan AQSh, YeI, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqalar O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlab, Tashkilotga a'zo bo‘lishi mamlakatning ko‘p tomonlama savdo tizimiga to‘liq integratsiyalashuviga imkon yaratishini, barcha a'zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga turtki berishini hamda global darajadagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning huquqiy tizimi kengayish jarayonini faollashtirishini ta'kidladilar.
Tadbir ishtirokchilari davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan O‘zbekiston iqtisodiyoti va tashqi savdo rejimini erkinlashtirishning faol, pragmatik va chuqur o‘ylangan siyosatiga yuqori baho berdilar. Ularning ta'kidlashicha, Strategiya xalqaro hamjamiyat tomonidan keng tan olinib, to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbekistonning Tashkilotga a'zo bo‘lish jarayoni doirasida, shu jumladan kengaytirilgan hujjatlar to‘plamini tayyorlash va mamlakat bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar olib borish doirasida JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya tomonidan amalga oshirilgan sa'y-harakatlarning natijalariga ijobiy baho berildi.
Ishchi guruh yig‘ilishining ochilishida so‘zga chiqqan JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya raisi - Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov mamlakatimizning tashqi iqtisodiy siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishining muhimligi va mutlaq ustuvorligini ta'kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi jarayonini faol ilgari surish va yaqin kelajakda Tashkilotga a'zo barcha manfaatdor davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash bo‘yicha qarori qat'iy ekanligini tasdiqladi.
Tadbir kun tartibiga ko‘ra, Ishchi guruh O‘zbekiston tashqi savdo rejimi bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar, jumladan, Faktologik xulosa, JSTga a'zo-davlatlar savollariga javoblar, iqtisodiy siyosat bo‘yicha ma'lumot, davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bojxona-tarif siyosati, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, sanoat subsidiyalarinin muhokamasiga kirishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Jenevada AQSh, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Braziliya, Shveysariya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Mo‘g‘uliston va boshqa JSTga a'zo yirik davlatlar - O‘zbekistonning Tashkilotga a'zo bo‘lish bo‘yicha Ishchi guruhi a'zolari bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish yuzasidan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi