2022-yil 20-iyun kuni Toshkentda energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatni O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev va Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbazov imzoladi.
Memorandum energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi. Jumladan: neft-gaz va neft-kimyo sohalarida, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida sheriklik, energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, shu jumladan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, energetika sohasida kadrlar tayyorlash va rivojlantirish dasturlarini ta'minlash maqsadida qo‘shma seminarlar, konferensiyalar, forumlar o‘tkazish; ikki davlatning tegishli xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarining energetika loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Shuningdek, uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar joriy yilning 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Energetika forumi doirasida birinchi ekspertlar yig‘ilishi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari va DXSh masalalari bo‘yicha tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Ta'kidlash kerakki, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik mustahkam asosga ega. Xususan, Ozarbayjonning “SOCAR” neft-gaz kompaniyasi bilan mustahkam hamkorlik qilinmoqda. Shuningdek, tomonlar neft-gaz sanoati mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi