O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston-Ozarbayjon: o‘zaro ishonch va yuksak ehtiromga asoslangan hamkorlik

2022-06-21 | Siyosat

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 21-22 iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

Ikki mustaqil davlat 1995-yil oktabr oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Oliy darajadagi O‘zbekiston-Ozarbayjon sammiti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanish tarixida yangi bosqichni ochishi kutilmoqda. 

O‘zbek va ozar xalqlarining o‘zaro do‘stlik aloqalari chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, ko‘p asrlik madaniy va ma’naviy qadriyatlar, an’analar va tarixning o‘zaro uyg‘unlashuviga tayanadi. Bugungi kunda ushbu azaliy va yaqin rishtalar ikki davlat o‘rtasida mustahkam ishonch va yuksak hurmatga asoslangan o‘zaro manfaatli  hamda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 14-15 oktabr kunlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (hozir - Turkiy davlatlar tashkiloti) Boku shahrida bo‘lib o‘tgan 7-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonga tashrif buyurdi. 

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki mamlakat rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilab oldilar.

134 ta hujjat, shu jumladan, 7 ta davlatlararo, 54 ta hukumatlararo, 35 ta idoralararo va boshqa hujjatlarni o‘z ichiga olgan shartnomaviy-huquqiy baza hamkorlikni rivojlantirishning mustahkam asosi hisoblanadi.

1996-yil 27-may kuni Bokuda imzolangan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma va 2004-yil 23-mart kuni Toshkentda imzolangan Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya asosiy hujjatlar hisoblanadi.

Alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar yangi dinamika va mazmunga ega bo‘lib bormoqda. Yuqori  darajadagi aloqalar sezilarli darajada faollashmoqda. Xususan, parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanmoqda, parlament vakillari O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tayotgan Prezident va parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida muntazam ishtirok etib kelmoqda, shuningdek, turli xalqaro tadbirlarda qatnashmoqda.

2020 yil ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari – O‘zbekiston Oliy Majlisi va Ozarbayjon Milliy Majlisida parlamentlararo hamkorlik guruhlari tashkil etildi.

Joriy yil 31 mart - 2 aprel kunlari Ozarbayjon Milliy Majlisi raisi Sohiba Gafarova O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Tashrif chog‘ida Ozarbayjon delegatsiyasi rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

15-18 may kunlari O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov Ozarbayjonga tashrif buyurdi. Mamlakatimiz parlamenti quyi palatasi rahbarini Prezident Ilhom Aliyev qabul qildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va boshqa yetakchi xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilib, bir-birining tashabbuslarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mamlakatlar xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, zamonaviy tahdidlar va xavfsizlik muammolariga qarshi kurashish, yadro qurolini tarqatmaslik tartibini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘xshash pozitsiyalarga ega.

Ozarbayjon O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMTning «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» (2018y.), «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» (2018y.), «Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish» (2019y.), «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi (2021y.) rezolyutsiyalarini qo‘llab-quvvatladi va ularga hammualliflik qildi.

Shuningdek, Ozarbayjon tomoni Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasini 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkazishni yoqlab ovoz berdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon boshqa davlatlar bilan birgalikda YUNЕSKOning Reprezentativ ro‘yxatiga 2016-yilda Navro‘z bayrami va 2020-yilda miniatyura san’atini kiritdi.

Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishining ijobiy dinamikasi 2016-yildan beri deyarli 6 baravarga oshdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo munosabatlari erkin savdo rejimida amalga oshirilmoqda. 1998-yilda tashkil etilgan hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylandi.

Bugungi kunda O‘zbekiston hududida Ozarbayjon kapitali ishtirokida 234 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 82 tasi qo‘shma va 152 tasi yuz foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Ularning aksariyat qismi mashinasozlik va metallni qayta ishlash, energetika, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmog‘i, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va ta’mirlash, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk operatsiyalari, xizmat ko‘rsatish, savdo yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. O‘z navbatida, Ozarbayjonda «Uzbekistan Airways» AJ vakolatxonasi va «O‘zavtosanoat» AKning «O‘zavto Boku» dilerlik markazi tashkil etilgan. 

2021-yil sentabr oyida Ozarbayjonning Hajigabul shahrida «UzAuto Motors» va «SamAuto» yig‘ish liniyalari ochildi. Dekabr oyida «UzAuto» ishlab chiqarish liniyasi yangi bosqichga o‘tdi – zavodda Chevrolet Damas, Labo, Lacetti, Tracker va Malibu avtomobillarini yig‘ish yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan yil 15-17 dekabr kunlari Boku shahrida «Made in Uzbekistan» milliy mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakat rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Biznes-missiyaning asosiy maqsadi O‘zbekiston mahsulotlarini ilgari surish, ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, eksport hajmini oshirish, ko‘rgazma qatnashchilarini mamlakatimizning ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan va import o‘rnini bosuvchi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha kooperatsion aloqalarni rivojlantirish, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish, o‘zbek eksportchilariga eksport shartnomalarini tuzish orqali o‘z mahsulotlari va xizmatlarini tashqi bozorga olib chiqish uchun ixtisoslashtirilgan xizmatlar majmuasini taqdim etishdan iborat bo‘ldi.

Xalqaro ko‘rgazmada mamlakatimizning 80 dan ortiq to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik, oziq-ovqat, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish, mebel va mashinasozlik sanoati sohalariga ixtisoslashgan korxonalarining eksport va ishlab chiqarish salohiyati Ozarbayjon keng jamoatchiligi vakillariga taqdim etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida 150 dan ortiq “V2V” shaklidagi amaliy uchrashuvlar, kompaniyalar taqdimotlari, matbuot anjumanlari, shuningdek, madaniy va gastronomik dasturlar uyushtirildi.

Uch kunlik ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha jami 13,5 million AQSH dollariga teng shartnomalar imzolandi.

Hamkorlikning O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashi va Hududlararo forum kabi mavjud maydonchalaridan tashqari, tomonlar barcha sohalarda o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi platformalar izlamoqda. Savdo aylanmasini izchil oshirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar chuqur tarixiy ildizlarga ega. Ozarbayjonliklar o‘zbek xalqining boy tarixi va madaniyatiga, jahon va islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan salmoqli hissasiga katta hurmat bilan yondashadi. Ikki qardosh xalqning madaniyati va san’ati asrlar davomida yonma-yon rivojlanib, bir-birini o‘zaro boyitib va to‘ldirib kelmoqda. Buning samarasida o‘zbek va ozar xalqlarining nasr va nazm san’ati shaklan, g‘oyaviy va mazmunan hamohanglashib, bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan.

Ozarbayjonda o‘zbek adabiyotining mumtoz vakili, shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy ijodiga katta qiziqish mavjud. Poytaxt Boku shahrida buyuk o‘zbek mutafakkirining haykali qad rostlab turibdi. O‘z navbatida, yurtimizda ham Nizomiy Ganjaviy, Imodiddin Nasimiy, Muhammad Fuzuliy va ozar adabiyotining boshqa mumtoz vakillari ijodining ixlosmandlari juda ham ko‘p.

O‘zbekiston va Ozarbayjon vakillari har ikki mamlakatda o‘tkazilayotgan turli madaniy va boshqa tadbirlarda muntazam ishtirok etib kelayotir.  Xususan, Shahrisabzda tashkil etilgan Xalqaro maqom san’ati forumida (2018y.) Ozarbayjon vakili Nigor Shabanova 1-o‘rinni, Samarqandda o‘tkazilgan «Sharq taronalari» XII xalqaro musiqa festivalida (2019y.) ozarbayjonlik xonanda Parviz Qosimov 1-o‘rinni egalladi. 2017-2019 yillarda O‘zbekiston vakillari Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro mug‘om festivalida ishtirok etib, ikkita birinchi, to‘rtta ikkinchi va beshta uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bularning barchasi mustahkam tarixiy asos va zamonaviy qonunchilik bazasiga ega bo‘lgan o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanib, jadallashayotganidan dalolat beradi.

Toshkentga amalga oshirilayotgan oliy darajadagi tashrif ikki qardosh xalq uchun O‘zbekiston va Ozarbayjon farovonligi va osoyishtaligi yo‘lida o‘zaro hamkorlik, madaniy almashinuv va do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda yuksak natijalarga erishishning yangi ufqlarini ochib beradi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться