O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pokiston Elchisi bilan uchrashuv
2022-06-17 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sayyid Ali Asad G’iloniyni qabul qildi.
Uchrashuvda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgan O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlari rivojlanishining ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi ko‘rib chiqildi. Bo‘lajak uchrashuvlar jadvali, jumladan, Pokiston tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan fikr almashildi.
Bo‘lajak uchrashuvlar, jumladan, 2022-yil 28-29- iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Pokiston tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston va Pokistonning xalqaro maydonda, xususan, BMT, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni, xususan, ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan tranzit va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasidagi kelishuvlarni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSh dollarigacha oshirish yuzasidan sa’y-harakatlari yakdil ekanligi tasdiqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston tomonlari madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasidagi aloqalarni kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi