Senat Raisi Xalqaro mehnat tashkilotining yangi saylangan bosh direktori bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jenevaga tashrifi doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining yangi saylangan bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan o‘zgarish va islohotlar, shu jumladan, ijtimoiy-mehnat sohasida, munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e'tibor qaratdilar.
Shuningdek, XMTning O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalari tashkilot uchun juda muhim ekanligi, O‘zbekiston paxtasi uchun “Cotton Campaign” boykoti bekor qilinib, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi bilan munosabatlar ancha yaxshilanganiga urg‘u berildi.
Ma'lumot o‘rnida, XMTning yangi bosh direktori joriy yilning 1-oktabr kuni o‘z lavozimiga rasman kirishadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati