O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublikaning barcha hududlarida “Sanitariya inqilobi” amalga oshiriladi
2022-06-14 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga muvofiq, 2022-2023-yillarda respublikadagi barcha turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, ziyoratgohlar, turizm zonalari, mehmonxonalar, sihatgoh va dam olish zonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, ommaviy namoyish joylari, madaniyat va istirohat bog‘lari, ommaviy bozorlar), aeroport, vokzal va avtoshoxbekatlarda “Sanitariya inqilobi”ni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur topshiriqdan kelib chiqib, Turizm va madaniy meros vazirligi binosida bo‘lib o‘tgan tashkiliy yig‘ilishda Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari B.Shahriyorov hamda tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etib, respublikamiz hududlarida ishlarni tashkil etishda hududiy ishchi guruhlarga amaliy va uslubiy yordam berish maqsadida joriy yilning iyun-sentabr oylari davomida turli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlaridan iborat respublika ishchi guruhning bevosita joylarga chiqqan holda o‘rganishlarni amalga oshirishlari belgilab olindi.
Unga ko‘ra, respublikamizdagi barcha turizm namoyishi obyektlarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarining mavjudligi, sanitariya va shaharsozlik normalari hamda qoidalari talablariga muvofiqligi bo‘yicha xatlov o‘tkaziladi.
Sanitariya-gigiyena shoxobchalari mavjud bo‘lmagan turizm namoyishi obyektlarida zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilishi va ta’mirlanishi ta’minlanib, ularda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh bolali ota-onalar uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratilganligiga e’tibor qaratiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi