O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro forumda yoshlar siyosatiga oid tajriba almashildi
2022-06-14 | Yoshlar
Bugungi kunda dunyo miqyosida yoshlar siyosati borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, yosh parlamentariylarning yoshlar huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashdagi ishtirokini, yoshlar siyosatidagi o‘rnini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Avval xabar berganimizdek, yaqinda MDH Parlamentlararo Assambleyasining 30 yilligi va MDH Yoshlar parlamentlararo Assambleyasining 10 yilligi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “Yosh parlamentariylar – hamdo‘stlik kelajagiga nazar” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
Forumda o‘nga yaqin mamlakat delegatsiyalari ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashdilar. Forum dasturi doirasida yoshlar siyosati, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, parlamentdagi rolini mustahkamlash, qonun ijodkorligi faoliyatining dolzarb masalalari, yoshlar xalq diplomatiyasi, MDH yoshlar parlamentlari hamkorligini mustahkamlash va xalqaro tajriba mavzusida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi va Oliy Majlis palatalari huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari ham ishtirok etdilar. — Mazkur forumda yangi taassurot, bilim va tajribaga ega bo‘ldik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Shahnoza Xolmaxamatova. — Boisi, forum doirasida bo‘lib o‘tgan yoshlar siyosati, qonun ijodkorligi faoliyatining dolzarb masalalari, yoshlar xalq diplomatiyasi, MDH yoshlar parlamentlari hamkorligini mustahkamlash kabi masalalarda qizg‘in muhokamalarda faol qatnashdik va tajriba almashdik. Forum davomida turli mavzularda seminar-trening, muhokama va davra suhbatlari tajriba almashish uchun katta rol o‘ynadi. Xususan, “MDHda yoshlar parlamenti tuzilmalari tajribasi va xalqaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari”, “Yoshlar siyosatida innovatsion yondashuvlar”, “Yangi avlod yetakchilari. Bugun yosh siyosatchi qanday bo‘lishi kerak?” “Yoshlar parlamentarizmi” kabi mavzular atrofida fikr almashdik, yangi bilimlarga ega bo‘ldik.
Muhokamalar jarayonida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlarga qaratilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z natijalarini ko‘rsatayotgani, yoshlar huquqlarini ta’minlashda O‘zbekistonning xalqaro minbarlardan bildirayotgan tashabbuslari alohida e’tibor bilan qabul qilinayotganini yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdik. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan o‘rin olgan “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat” degan fikrlari yer yuzidagi har bir mamlakat uchun birdek ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi, — deydi deputat.
Darhaqiqat, ushbu xalqaro forumda ishtirok etgan yurtimiz delegatsiyasi a’zolari yoshlar siyosati borasida o‘z tajriba va ko‘nikmalarini oshirib qaytdilar. Shu bilan birga, mamlakatimizning yoshlar siyosati bo‘yicha natijalarini, amaldagi islohotlarini yana bir karra dunyo jamoatchiligi e’tiboriga havola etish orqali keng targ‘ib etishga hissa qo‘shishdi.
Manba: O'zA