Energetika vazirligi tomonidan 2022-yil 23-24- iyun kunlari Toshkentda O‘zbekiston energetika forumi – UEF 2022 o‘tkazilmoqda. Forum 2022 -yil 18-20-may kunlari Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tgan «OGU 2022», «Power Uzbekistan 2022» xalqaro ko‘rgazmalari va «GETCA 2022» ixtisoslashtirilgan bo‘limi kabi «Energetik tadbirlar bloki»ning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Forum davomida ahamiyatli voqea – Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning energetika vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Energetika forumi dasturida 24-Xalqaro «O‘zbekiston neft' va gazi – OGU» anjumani va 2-Xalqaro energetika anjumani o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston energetika forumi energetika sohasini rivojlantirish rejalari, O‘zbekistonda va umuman mintaqada mavjud dolzarb muammolar, shuningdek, jahon tajribasi asosida ularni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qilish bo‘yicha davlat hokimiyati, ekspertlar hamjamiyati va xususiy biznes vakillari uchun noyob vosita sifatida xizmat qiladi.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston o‘z resurslari hisobidan elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlangan dunyoning sanoqli davlatlaridan biri hisoblanadi. Ammo Respublika rahbariyati erishilgan natijada to‘xtamasdan «2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta'minlash konsepsiyasi» va boshqa dasturiy qadamlar doirasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda.
Forumning maqsadi – jahon energetika hamjamiyatining konstruktiv fikr almashish, yoqilg‘i-energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va O‘zbekistonning mintaqaviy energetika tizimiga integratsiyalashuvidir.
Bugungi kunga qadar 12 mamlakatdan 60+ ma'ruzachilar, 200 dan ortiq delegatlar: Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Qozog‘iston, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, O‘zbekiston, Fransiya, Yaponiya kabi mamlakatlardan tadbirlardagi ishtiroklarini tasdiqladilar.
Forum dasturi global miqyosda toza va barqaror energiyaga o‘tishdan neft' va gaz sanoatini raqamlashtirishga, elektr sektorini o‘zgartirish va investitsiyalarni jalb qilishdan atom energiyasiga qadar keng qamrovli mavzularni o‘z ichiga oladi.
Forum ishida tegishli davlat tuzilmalari, yetakchi xalqaro neft-gaz va energetika kompaniyalari, moliya institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar, ilmiy-tadqiqot sohasi vakillari ishtirok etadi.
Tadbirlar Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori ICA Eurasia tashkiliy ko‘magi ostida o‘tkaziladi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi