O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri “MEXT” texnologik markazi faoliyati bilan tanishdi
2022-06-13 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiya Respublikasiga tashrifi doirasida “MEXT” texnologik markazida bo'ldi. Markaz mas'ullari vazirlik delegatsiyasini aqlli sensorlardan iborat “Raqamli fabrika” (Digital Factory) loyihasi hamda aqlli sanoat etukligini baholovchi “Smart Industry Readiness Index” (SIRI) doirasidagi ishlari bilan tanishtirdi.
Muzokaralar davomida tomonlar qator kelishuvlarga erishdi. Xususan, O'zbekistondagi uyushmalar, jumladan “O'zeltexsanoat”, “O'zto'qimachiliksanoat”, “O'zcharmsanoat”ga a'zo, shuningdek farmatsevtika, paxta sanoati kabi tarmoq korxonalaridagi ishlab chiqarishning raqamlashtirilganligini o'rganish bo'yicha maxsus baholash dasturini yo'lga qo'yish masalasi muhokama qilindi.
Shu bilan birga tarmoq korxonalari va xo'jalik birlashmalarida tashkil etilgan Innovatsiyalarni joriy etish bo'yicha rahbar o'rinbosarlari (Chief Innovation Officer) uchun ishlab chiqarishni raqamlashtirish va innovatsiyalarni joriy qilishga qaratilgan maxsus treninglarni tashkil qilishga kelishildi.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish maqsadida joriy yilning III choragida ikki tomon o'rtasida Anglashuv memorandumini imzolashga va “Inno” texnologik parki rezidentligi asosida faoliyatni yuritishga kelishib olindi.
“MEXT” Texnologik markazi — Turkiyadagi birinchi va eng yirik sanoat uyushmasi qoshida 2020 yilda tashkil etilgan. Markaz tomonidan yuqori va o'rta darajadagi menejerlar, muhandislar va operatorlar uchun mo'ljallangan raqamli transformatsiya bo'yicha keng qamrovli o'quv dasturlari ishlab chiqilgan bo'lib, yiliga 50 000 nafar xodim ushbu dasturlardan foydalanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi