O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri XXV “Evroosiyo Iqtisodiy Sammiti” xalqaro tadbirida nutq so'zladi
2022-06-13 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 7–9 iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahriga amalga oshirgan tashrifi doirasida XXV “Evroosiyo Iqtisodiy Sammiti” ochilish marosimida ishtirok etdi.
Sammitning ikkinchi sessiyasida I. Abdurahmonov fahriy mehmon sifatida nutq so'zladi. Unda vazir iqlim o'zgarishining sayyoramizga ko'rsatayotgan salbiy ta'siri, unga qarshi kurashish yo'llari va buning uchun O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.
Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan dunyoda davom etayotgan texnologik rivojlanishning mavjud ish o'rinlariga ta'siri, insoniyat va etika masalalari ko'tarilib, bu yo'nalishda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan “Inson qadri uchun” siyosati bilan tinglovchilar tanishtirildi.
“Evroosiyo Iqtisodiy Sammiti” xalqaro tadbiri — 1998 yildan boshlab o'tkazib kelinadigan va Evroosiyo mintaqsaidagi davlat va hukumat rahbarlari, vazirlik va idoralar, tadbirkorlik vakillarini qamrab oluvchi sammitdir.
2021 yil 15 dekabr` kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida sammit tashkilotchisi — Marmara jamg'armasi rahbari Akkan Suver boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo'lib o'tgan va unda Innovatsion rivojlanish vaziri XXV “Evroosiyo Iqtisodiy Sammiti” xalqaro tadbirida ishtirok etishga taklif etilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi