O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston vakillari WTDC-22 Elektroaloqani rivojlantirish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida qator qo‘mitalarda rahbarlik lavozimlariga saylanib faol ishtirok etmoqdalar
2022-06-09 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 6-16-iyun kunlari Ruandaning Kigali shahrida Elektroaloqani rivojlantirish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi (WTDC-22) bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqaro elektraloqa ittifoqining Elektraloqani rivojlantirish Byurosi tomonidan 6-iyun kuni Elektroaloqani rivojlantirish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh, XEI Bosh kotibi Xoulin Chjao, Ruanda Respublikasi Prezidenti Pol Kagame, XEI elektraloqani rivojlantirish byurosi direktori Dorin Bogndan-Martin, Ruanda Respublikasi AKT va innovatsiyalar vaziri Paula Ingabire hamda boshqalar nutq so‘zladilar.
Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi a’zolaridan uch nafari XEIga a’zo davlatlar delegatsiyalari tomonidan Vazirlikning Tashkiliy nazorat boshqarmasi boshlig‘i M. Azimov Konferensiyaning Ishlash usullari bo‘yicha 4-qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimiga, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i U. Musayeva Konferensiyaning Vazifalar bo‘yicha 3-qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimiga hamda “UNICON.UZ” DUK direktorining birinchi o‘rinbosari T. Mashanpin Konferensiyaning Byudjet nazorati bo‘yicha 2-qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimiga saylandilar.
Hozirda mazkur qo‘mitalarning faoliyati boshlanib, unda tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi