O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari markazi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi o‘rtasida axborot tizimlari integratsiya qilindi
2022-06-08 | Iqtisodiyot
Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari markazining “UzASBO” dasturiy majmuasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining “pedkadr.tdi.uz” platformasi o‘rtasida 2022-yil 1-apreldan boshlab ikki tomonlama ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Shunga asosan, Axborot texnologiyalari markazi tomonidan “UzASBO” dasturiy majmuasida alohida modul yaratildi. Ushbu modul orqali pedagog o‘qituvchilarga berilgan hamda amalda bo‘lgan barcha malaka toifa sertifikatlarining ma’lumotlari Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining “pedkadr.tdi.uz” platformasidan olinmoqda.
Buning natijasida, Markazlashgan buxgalteriya xizmati xodimlari tomonidan pedagog o‘qituvchilarning malaka toifa sertifikat ma’lumotlarini shakllantirish avtomatik ravishda bajarilmoqda. Shu asosda, pedagog o‘qituvchilarning malaka toifa sertifikati uchun oylik ish haqiga qo‘shimcha ustamalar o‘z vaqtida va to‘g‘ri to‘lanishiga erishildi.
Shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan markazlashgan byudjet tashkilotlariga o‘quv yili boshida davlat byudjetidan mablag‘lar rejalashtirish jarayonida pedagog o‘qituvchilarning malaka toifa sertifikati ma’lumotlaridan (sertifikat taqdim qilingan muddat, amal qilish muddati va malaka toifa darajsidan) kelib chiqib, tarifikatsiya uchun mablag‘lar ajratilishi avtomatik ravishda shakllanadigan qilindi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi