O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida

2022-06-08 | Jamiyat

Vazirlar Mahkamasi Rayosatining navbatdagi majlisida hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish orqali aholining daromadli mehnat bilan bandligini ta'minlash borasida vazirliklar, idoralar hamda Namangan va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari amalga oshirayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlar eshitildi. 

Joriy yilda joylarda ushbu yo‘nalishda quyidagilar amalga oshirilgan:
 
Birinchidan, 9 309 nafar hokim yordamchisi mahallalarda o‘z ish faoliyatini boshladi va ularga amaliy ko‘mak berish uchun iqtisodiyot va investisiya komplekslariga kiruvchi vazirliklar, idoralar, tijorat banklarining har bir tuman (shahar)ga biriktirilgan 300 nafar rahbar xodimi bir yillik xizmat safariga yuborilgan.
 
Ikkinchidan, hokim yordamchilari faoliyatini raqamlashtirish, inson omilisiz ular faoliyatini monitoring qilish va baholab borish maqsadida “Online-mahalla.uz” platformasi ishga tushirilgan.
 
Uchinchidan, xonadonlarda xatlov o‘tkazish uchun so‘rovnoma, ish reja, mahallani iqtisodiy rivojlantirish “yo‘l xaritasi”ning namunaviy shakllari, 202 ta kichik loyihani o‘z ichiga olgan tayyor biznes rejalar hamda Smartposter targ‘ibot to‘plami hokim yordamchilariga yetkazilgan.
 
To‘rtinchidan, hokim yordamchilari tomonidan “mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha mahallalarda uyma-uy yurib o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, ular 4 toifaga ajratilgan.
 
Shundan kelib chiqib, hokim yordamchilari ko‘magi bilan 736 ming fuqaroning bandligi ta'minlangan, 54 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan. Shuningdek, 50 mingga yaqin oilaviy tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish uchun 1,3 trillion so‘m kredit hamda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob- uskunalari olib berish uchun 19 milliard so‘mdan ortiq subsidiya ajratilgan.
 
Namangan viloyatida 94,6 ming va Sirdaryo viloyatida 20,4 ming fuqaroning bandligi ta'minlangan. Shuningdek, Namangan viloyatida 5,1 ming va Sirdaryo viloyatida 2,6 ming fuqaro kasb-hunarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan.
 
Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Namangan viloyatida 513 ta, Sirdaryo viloyatida 173 ta hokim yordamchisining faoliyati “qoniqarli” baholangan.
 
Majlisda erishilgan ijobiy natijalar qatorida joylarda hokimlar, ularning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari tomonidan hokim yordamchilari faoliyatiga yetarli e'tibor qaratilmagani hamda o‘zaro samarali hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilmagani natijasida Namangan viloyatida 267 nafar, Sirdaryo viloyatida 63 nafar hokim yordamchisi faoliyati “qoniqarsiz” baholangani qayd etildi.
 
Muhokama yakunlari asosida respublika komissiyasi, mutasaddi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar rahbarlariga hokim yordamchilari faoliyati samaradorligini oshirish hamda “mahallabay” ishlash tizimi orqali aholini tadbirkorlikka keng jalb etish va bandligini ta'minlash bo‘ yicha olib borilayotgan ishlar ustidan ta'sirchan nazoratni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Xususan:
 
Hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi (Qo‘chqorov)ga: tijorat banklari tomonidan “etakchi” tadbirkorlarning samarali biznes loyihalari asosida kredit mablag‘lari o‘z vaqtida ajratilishini ta'minlash;
 
har bir tuman (shahar)ning “mahallabay” kesimidagi kambag‘allikni qisqartirish va hududni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqishda mahalliy hokimliklarga amaliy yordam ko‘rsatish;
 
hududlarda “mahallabay” ishlash tizimini joriy etish orqali aholini daromadli mehnat bilan bandligini ta'minlash borasidagi ishlarni doimiy nazoratga olish;
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga: eng yaxshi natija ko‘rsatgan 14 nafar hokim yordamchisini mukofotlash;
 
hokim yordamchilari faoliyati “qoniqarsiz” deb baholangan mahallaga borgan holda, muammolarni hal qilish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash;
 
tijorat banklari va hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahalla kesimida loyiha tashabbuskorlarini aniqlash hamda ularga zarur kredit mablag‘larini ajratishga ko‘maklashish;
 
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga:
 
respublika vakillari bilan birgalikda tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda, faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan hokim yordamchilarini doimiy o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha reja-jadval ishlab chiqish;
 
mahalliy hokimliklar bilan birgalikda faoliyati “qoniqarsiz” deb baholangan mahallada mavjud sharoitlarni yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini tanqidiy muhokama qilib borish.
 
Muhokama yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: «Yangi O"zbekiston»

Поделиться