O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar uchun koronavirus bilan bog‘liq barcha cheklovlar bekor qilindi
2022-06-07 | Turizm
O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar uchun koronavirus bilan bog‘liq barcha cheklovlar bekor qilindi
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2022-yilning 10-iyunidan boshlab O‘zbekistonga turizm maqsadida tashrif buyuruvchi kishilar uchun aviaqatnovlar, chegaradosh temir yo‘l stansiyalari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlari orqali harakatlanishida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq o‘rnatilgan vaqtinchalik cheklovlar bekor qilinadi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu bois xorijlik sayyohlar O‘zbekistonga kelishidan oldin koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy natijali maʼlumotga ega bo‘lishi, koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishi hamda tegishli tartibda emlanganlik sertifikati yoki pasportiga ega bo‘lishi talab etiladigan Maxsus komissiyaning bayonlari bilan kiritilgan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qoidalar bekor qilinadi.
Komissiya O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi va kasallanishning dinamik pasayishi, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan va shifoxonalardan chiqarilayotganlar bemorlar sonining shifoxonaga yotqizilganlar soni, karantindan chiqarilayotgan fuqarolar sonining karantinga olinayotganlar soniga nisbatan ijobiy tomonga o‘zgarganligi, shuningdek dunyo mamlakatlarida epidemiologik vaziyatni eʼtiborga olib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari hamda Turizm va madaniy meros vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining takliflarini inobatga olgan holda shunday qarorga keldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi