O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiy davlatlar nevrolog olimlari Samarqandda
2022-06-06 | Sog‘liqni saqlash
Samarqandda turkiy davlatlar tibbiyotchilarining tarqoq skleroz kasalligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan IV xalqaro kongressi o‘z ishini boshladi.
Tarqoq skleroz kasalligining dolzarb muammolari bo‘yicha dastlabki kongress 2019 yilda Turkiyaning Gulxane universiteti meditsina fakultetida turkiy davlatlarning mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan. Shundan so‘ng kongressni har yili G‘arbiy va O‘rta Osiyo davlatlarining birida o‘tkazishga kelishib, maxsus kotibiyat a’zolari tarkibi saylangan. Bu galgi anjumanda ham Turkiya, shimoliy Kipr, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston respublikalaridan kelgan hamda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan yetakchi nevropatolog, neyroreabilitolog, neyropsixolog, neyroreanimatolog, rentgen-radiolog olimlar ishtirok ishtirok etmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor J.Rizayevning ta’kidlashicha, mazkur anjuman xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlardan biri sifatida tarqoq skleroz kasalligini zamonaviy usullar yordamida davolashda yuqori natijalar bermoqda. Shuning uchun ham yildan-yilga kongressga qiziqish orti, ishtirokchilar safi kengaymoqda.
– Kongressni o‘tkazishdan asosiy maqsad tarqoq skleroz kasalligini davolashda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, olimlar bilan tajriba almashish va uni amaliyotda qo‘llash, – deydi turkiy davlatlar o‘rtasida tarqoq skleroz bo‘yicha izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi prezidenti, professor D. Sherif. – Samarqand mezbonlik qilayotgan bu galgi anjuman ham kasallikning zamonaviy diagnostikasi va davolash usullari bo‘yicha G‘arbiy va O‘rta Osiyo davlatlaridan kelgan olimlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va yangiliklarni amaliyotda qo‘llash uchun keng imkoniyat yaratadi.
Kongress 10-iyunga qadar davom etadi va akademik mobillik doirasida irsiy moyillikka ega bo‘lgan tarqoq skleroz kasalligining muammolari bo‘yicha davra suhbatlari, munozaralar o‘tkazilib, tajriba almashiladi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat)
Manba: O'zA