O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bahodirlar Xivada kuch sinashdi
2022-06-06 | Turizm
O‘zbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri Xivada “Pahlavon Mahmud – Bahodirlar o‘yini“ II Xalqaro turniri yakunlandi.
Ikki kun davom etgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Butunjahon strongmen federatsiyasi hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xiva bunday musobaqani o‘tkazish joyi sifatida bejiz tanlangani yo‘q. Bu qadimiy shahar XIII asrda Xorazmda tug‘ilib, faylasuf, shoir va polvon sifatida shuhrat qozongan – Pahlavon Mahmudning Vatanidir. Rivoyatlarda Pahlavon Mahmud umri davomida bor-yo‘g‘i bir jangda mag‘lub bo‘lgani keltiriladi.
– Bugun yana butun dunyo bahodirlari Ko‘hna va hamisha navqiron Xorazmda jamlandi, – deydi Xiva shahar hokimi Timur Davletov. – Xiva “Ichon qal’asi”da 2019 yilda birinchi bor o‘tkazilgan “Bahodirlar o‘yinlari” sport turizmi yo‘nalishida xalqaro aloqalarni rivojlantirish, turizm salohiyatini targ‘ib qilishga xizmat qilgan edi.
Tadbirda dunyoning 14 davlatidan eng kuchli sportchilar qatnashdi.
Musobaqaning dastlabki shartlaridanoq uning mashaqqati sezila boshladi. Biroq, bardoshi butun bahodirlar mushkul vazifani uddalashga jon jahdi bilan kirishdi.
– Men Pahlavon Mahmudni, polvonlar piri, ustozim deb bilaman, – deydi eronlik sportchi Reza Geytasi. – Uni kuragi yerga tegmagan bahodir sifatida butun dunyo biladi. Men oldingi turnirda ham ishtirok etib ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. Bu safar albatta mutlaq g‘olib bo‘lish uchun tayyorlanib keldim.
– Men O‘zbekistonda ikkinchi bor bo‘lishim, - deydi polshalik atlet Rafal Kobilarz. – Toshkentdagi sport anjumanida qatnashganman. Biroq Xivaga kelmagandim. Eski shahar hayratlanarli. Bu yerda dunyoning tengi yo‘q bahodirlari yig‘ildi. Men ham ular bilan birga ekanimdan xursandman.
Bahodirlar murakkab shartlarni bajardi. “Mo‘ynoq langarini ma’lum masofaga sudrab borish” ham musobaqa shartlaridan biri edi. Mo‘ynoqdan keltirilgan Langar qariyb bir tonna tosh bosdi. Orol dengizining muammosini bir mamlakat yoki bitta xalq hal eta olmagani singari, langarni ham birorta sportchi siljita olmadi. Biroq dunyo bahodirlari “kuch birlikda” degan naqlga amal qilib, langarni dast ko‘tarib masofani birdamlikda bosib o‘tdi.
Musobaqalar yakunida g‘oliblar e’lon qilindi. Natijalarga ko‘ra, Butunjahon strongmen federatsiyasi sportchisi Pyotr Martinenko uchinchi, Yangi Zellandiyalik Rongo Kin ikkinchi o‘rinni egalladi. Eronlik pahlavon Reza Geytasi esa oliy o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Turnirda g‘oliblarga pul mukofotlari, medal va statuetkalar topshirildi. Kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Turnirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Butunjahon strongmen federatsiyasi Prezidenti Ravshanxon Jo‘rayev ishtirok etdi.
Ahmadjon Shokirov
Manba: O'zA