O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Turkiyada Alisher Navoiy ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi

2022-06-03 | Madaniyat

2022-yil 2-iyun kuni mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasida turkiy tillar bo‘yicha yetakchi olim, Bashkent universiteti professori Abdurahmon Go‘zal boshchiligidagi bir guruh o‘qituvchilar ishtirokida “O‘zbekistonning davlat tili sohasidagi islohotlari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi

Tadbir chog‘ida turkiyalik professor-o‘qituvchilarga mamlakatimizda til siyosati sohasidagi yangiliklar, xususan, Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati, lotin alifbosiga o‘tish jarayoni, elchixonada tashkil etilgan «O‘zbek tilining do‘stlari» klubi aʼzolari bilan amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Professor Abdurahmon Go‘zal mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosati sohasidagi islohotlarni yuqori baholar ekan, o‘tgan yilning noyabr oyida xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga borganini yodga oldi.

- O‘zbeklar zaminida ro‘y bergan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, to‘g‘risi, juda faxrlandim, - dedi u. - Chunki men o‘zbek tili, xususan, o‘rta asrlarda yozilgan chig‘atoy tilidagi adabiy matnlar ustida qariyb 60 yildan beri ilmiy tadqiqotlar yuritib kelaman. Ota yurt O‘zbekiston doimo mening qalbimda bo‘lgan, o‘zbek tilini juda yaxshi ko‘raman. Bugun o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va maqomini oshirishga qaratilgan islohotlarning natijalariga guvoh bo‘ldim. Bu bizni juda quvontiradi. Yana bir jihat: hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbuslari bilan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida turkiy dunyo birligiga hissa qo‘shgan ziyolilar uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilgani ham biz adabiyot vakillari uchun juda katta sharaf bo‘ldi. Bu bejiz emas. Alisher Navoiy – so‘z mulkining sultoni. Bu yangilikni Alisher Navoiy merosini yana-da chuqur o‘rganish uchun yana bir daʼvat, deb qabul qildik va shu boisdan universitetimiz qoshida Alisher Navoiy nomli tadqiqotlar markazini tuzishga qaror qildik.

Tadbirda so‘zga chiqqan Gazi universiteti professori Ali Yakiji adabiyot tarixida xalq og‘zaki ijodi yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borayotganini maʼlum qildi.

- O‘zbek baxshichilik sanʼati bo‘yicha ham izlanishlar olib borayapman, - dedi olim. - So‘nggi yillarda O‘zbekistonda baxshichilik va dostonchilik sanʼatiga, baxshi shoirlar ijodiga bo‘lgan eʼtibor juda kuchaydi. Xalqaro baxshichilik sanʼati festivallarini maroq bilan kuzatib kelmoqdamiz. «Baxshichilik sanʼati» YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani bizni bizni juda quvontirdi. Bu ham o‘zbek tili sohasidagi islohotlarlarning bir samarasi, deb o‘ylayman.

Davra suhbati doirasida turk professor-o‘qituvchilari «O‘zbek tilining do‘stlari» klubiga aʼzolikka qabul qilindi. Yangi tuzilgan Alisher Navoiy nomli tadqiqotlar markazi faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hamkorlikda o‘zbek tilining nufuzi, jozibadorligi va imkoniyatlariga bag‘ishlangan ilmiy tadbirlar tashkil etishga kelishib olindi. Bu yo‘nalishdagi ilk loyiha sifatida joriy yil 20 iyun kuni o‘zbek va turk olimlari ishtirokida Alisher Navoiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться