Toshkent shahar hokimligida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning mahalliy boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maykl Keshishian bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmon Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi kotibiyati mudiri Abdumavlon Qosimov boshchiligidagi deputatlar guruhi bilan muloqot qildi.
Suhbatda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan O‘zbekiston uchun davlat boshqaruvi sohasida yangi loyiha ishlab chiqilishi rejalashtirilganligi, xususan, u Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ushbu yo‘nalishda belgilangan maqsad va vazifalar qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligi aytib o‘tildi.
Maykl Keshishian mazkur loyiha doirasidagi ishlar bir yil oldin boshlanganligi, u mamlakatimizga xizmat safari davomida turli tadbirlarda ishtirok etib, tegishli davlat idoralari mas'ullari, olimlar, fuqarolik jamiyatining turli institutlari va xususiy sektor vakillari bilan uchrashayotganligini bildirdi. Shuningdek, USAID loyihasini amaliyotga tatbiq etishda hokimliklar hamda boshqa tashkilot va idoralarga “Yo‘l xarita”larini ishlab chiqish va boshqa masalalarda yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi kotibiyati mudiri Abdumavlon Qosimov va deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning 2017-yil 22 -dekabrdagi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishida mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga Murojaatnomasidan keyin mahalliy Kengashlar faoliyatida jonlanish ro‘y berganligini e'tirof etishdi. Xususan, keyingi yillarda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi va tuman Kengashlari faoliyatida ham jiddiy ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani qayd etildi.
Manba: Toshkent shahar hokimligi