O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi vaziri Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashdi
2022-06-02 | Iqtisodiyot
1-iyun kuni qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2022-yil 3-4-iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan TDTga a’zo davlatlar va kuzatuvchilarning qishloq xo‘jaligi vazirlari 1-yig‘ilishi hamda 1-Turk Agroforumiga tayyorgarlik doirasida tashkil etildi.
Ishbilarmon ruhda kechgan muloqot chog‘ida vazir Jamshid Xodjayev bo‘lajak tadbirlarga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi. Jumladan, u Turkiy Davlatlar Tashkiloti Kengashi va Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga (IHT) bir vaqtning o‘zida raislik qilish qiziqarli platforma yaratish imkonini berishini ta’kidlab o‘tdi. “Dastlab Turkiy davlatlar agroforumi, soʻngra IHT yigʻilishi oʻtkazilib, ularning doirasidagi madaniy dastur va barcha tashkiliy tadbirlar birlashtiriladi, bu esa oʼz navbatida dasturning qiziqarli o‘tishiga zamin yaratadi”, – dedi Jamshid Xodjayev.
Eslatib o‘tamiz, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi negizida tuzilgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti 2022-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqdagi qaror 12-noyabr kuni Istanbulda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning sakkizinchi sammitida qabul qilindi.
O‘z o‘rnida TDT Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev shunday fikr bildirdi: “Bizning davlatlarimiz yaqindan hamkorlik qilishmoqda. Forumga yirik ishlab chiqaruvchilar, kompaniyalar, xususan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni ko‘proq taklif qilishimiz kerak. Yaʼni bizlarni hamkor hududlarda faoliyat yuritadigan agrar soha vakillari ko‘proq qiziqtiradi. Ular butun hududimizni, hech bo‘lmasa ikki yoki uchta davlatni qamrab olsa yaxshi”
So‘ngra tomonlar ushbu keng ko‘lamli mintaqaviy tadbirdan kutilayotgan natijalar bilan bir qatorda tashkiliy masalalarni ham muhokama qildilar.
“Ayni vaqtda biz ko‘p tomonlama hamkorlik Memorandumi hamda yakuniy bayonnomani tayyorlayapmiz. Ularni taklif etilayotgan loyihalarga qo‘shib, sizga va tashkilotning boshqa aʼzolariga taqdim etamiz. Yakuniy bayonnomada kooperatsiya munosabatlarini aks ettirishni istardik, chunki barcha davlatlarning qishloq xo‘jaligi va tuproq-iqlim sharoitlari o‘ziga xos, – deya taʼkidlab o‘tdi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev. — Ushbu yo‘lda kuchlarni birlashtirib, hamkorlikda kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsak, u holda nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlab chiqarishni, balki hosil yetishtirishning butun quyoshli davrini qamrab olamiz. Masalan, O‘zbekistonda hamma narsa erta gullaydi, undan keyin ushbu jarayon Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Qozog‘istonda kuzatiladi. Bundan tashqari, Qozog‘istonda donli ekinlar ko‘p yetishtirilsa, bizda Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘lgani kabi danakli mevalar serob. Ushbu masalada biz raqobatchi sifatida emas, balki aynan kooperatsiya bo‘yicha hamkorlar sifatida ishlashimiz mumkin. Bunday saʼy-harakatlar yaxshi natija berishiga ishonchim komil”.
Shuningdek, uchrashuv davomida Jamshid Xodjaev va Bag‘dod Amreyev bir qator boshqa masalalarni ham muhokama qilishdi. Budapeshtda TDT homiyligida “Ybl Villa” bog‘ini tashkil etish doirasida so‘ralgan 50 tup daraxt ko‘chati va 200 tup lolani (Qo‘qon na’matagi, lola turlari, Turkman noki, oddiy anor, sharqona xurmo, Konstantinopol behisi, Siyevers olmasi) yetkazib berish bo‘yicha ishlar hozirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan olib borilayotgani aytildi. Ularni iyun oyining oxirida jo‘natish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, vazir Turkiy davlatlar tashkiloti huzurida Qurg‘oqchilikning oldini olish institutini tashkil etish va uning keyingi faoliyati doirasida TDT kotibiyati hamda vengriyalik hamkasblar bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi. Ushbu institutni tashkil etish taklifi TDT 8-sammitida Vengriya Bosh vaziri V. Orban tomonidan kiritilgan edi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi