O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tojikiston Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasiga keladi
2022-06-01 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon joriy yil 2-3 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Ikki birodar mamlakat yetakchilarining muzokaralari kun tartibidan O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor sohalarida amaliy sa’y-harakatlarni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, energetika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda an’anaviy yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishlari ko‘zda tutilgan.
Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash lozimki, oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida joriy yil 30 may kuni Dushanbe shahrida ikki mamlakat bosh vazirlari raisligida o‘tkazilgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi samarali bo‘ldi.
Ertaga, sammit arafasida, Toshkent shahrida yetakchi korxonalar ishtirokida biznes-forum hamda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni izchil kengaytirish va uning katta salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Manba: O'zA