Joriy yilning 30-may kuni Dushanbe shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligida o‘tgan majlisda Davlatlarimiz Rahbarlarining oqilona va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bugungi kunda butunlay yangi bosqichga ko‘tarilgani, Oliy darajadagi o‘zaro tashriflar ko‘p qirrali hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochayotgani alohida ta'kidlandi.
Qayd etilganidek, Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lajak rasmiy tashrifi davlatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklikni yanada mustahkamlashda katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Majlisda ushbu tashrif kun tartibini aniq amaliy mazmun bilan to‘ldirish, rejalashtirilgan barcha tadbirlarni yuqori saviyada amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Hukumatlararo komissiya majlisida shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, madaniy-gumanitar, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida hamda hududlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tojikiston O‘zbekistonning muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Keyingi 5 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobardan oshdi. Joriy yilning o‘tgan davrida 35 foizga oshib, 180 million dollardan ziyodni tashkil etdi.
Davlat rahbarlari tomonidan Hukumatlar oldiga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun barcha imkoniyatlar, foydalanilmagan ulkan zaxiralar mavjud.
Uchrashuv yakunida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston Hukumatlararo komissiyaning 9-majlisi bayoni imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vazirining Matbuot xizmati