O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri olimlarni qabul qildi
2022-05-30 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida» O'RQ-445-son Qonuniga muvofiq, Innovatsion rivojlanish vazirligida jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari bilan muntazam ravishda tegishli ishlar olib borilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov navbatdagi shaxsiy qabulida Toshkent davlat agrar universiteti Qishloq xo'jaligi fitopatologiyasi kafedrasi professorlari b.f.d Xasanov Botir Ochilovich va q.x.f.d. Gulmurodov Riskiboy Abdievichni, Toshkent tibbiyot akademiyasi Asab kasalliklar kafedrasi professori, t.f.d Asadullaev Maqsud Mahmudovich va yosh olim Isoqjon Pozilovni qabul qildi. Uchrashuv qizg'in munozaraga boy bo'lib, unda fuqarolarning vazirlik tomonidan e'lon qilib boriladigan loyiha tanlovlar doirasida topshirgan loyihani ko'rib chiqish jarayoni va natijasi yuzasidan e'tirozlari, faoliyatini kengaytirish, ishlanma va loyihalarni amaliyotga joriy etish bo'yicha rejalari va boshqa masalalar keng muhokama etilib, bildirilgan fikr va takliflar Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov tomonidan tinglandi hamda tegishli tavsiyalar berilib, amaliy yordam ko'rsatishga kelishib olindi.
Xususan, ToshDAU ilmiy xodimlari B.Xasanov va R.Gulmurodovlarga «O'rmon erlarida Zveroboy – Hypericum va qizilmiya – Glycyrrhiza dorivor o'simliklarining ildiz chirish, un shudring va fuzarioz kasalliklariga qarshi biologik kurash agrotexnologiyasini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy loyihasi mukammallashtirilgan holda topshirilishi lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, Isoqjon Pozilovning o'z ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishi uchun respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy laboratoriyalaridan biriga ishga qabul qilish masalasi ko'rib chiqildi va ijobiy echim topildi.
Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasi Asab kasalliklari kafedrasi professori M.Asadullaevning ilmiy ishlarini vazirlikning Axborot xizmati tomonidan ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishiga kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi