O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Finlyandiya TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida
2022-05-27 | Siyosat
2022-yil 27-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Finlyandiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning o‘ninchi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha departamenti bosh direktori Mariya Liivala boshchilik qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Dolzarb va amaliy ahamiyatga ega hujjatlar orqali iqtisodiy diplomatiyani takomillashtirish va ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, oʻzaro tashriflar, seminarlar, treninglar va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali taʼlim muassasalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat tahliliy markazlari oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan o’zaro manfaatdorlik bildirildi.
Shuningdek, mintaqaviy masalalar hamda BMT, Yevropa Ittifoqi va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi