O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Misr Xalqaro hamkorlik vazirligidagi uchrashuv to‘g‘risida
2022-05-27 | Siyosat
Qohira shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov va Misr xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Sherixan Bixeyt xonim bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning samarali faoliyati savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi aloqalar rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Iqtisodiy aloqalarni sezilarli jonlantirish, savdo hajmini mamlakatlarimiz salohiyatiga mos keladigan yangi, yuqori sifat darajasiga ko‘tarish maqsadida Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi 7-yig‘ilishini 2022 yilning ikkinchi yarmida Toshkentda o‘tkazishdan tomonlar manfaatdorligi tasdiqlandi.
Suhbat davomida tashqi savdo yuklarining logistika xarajatlarini kamaytirish va marshrutlarni optimallashtirish maqsadida ikki mamlakat transport vazirliklari o‘rtasida Ishchi guruhni tashkil etish hamda hamkorlik bitimini imzolash imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Qohiradagi Elchixonamiz xabar berishicha, uchrashuvda mamlakatlarimizda faoliyat ko‘rsatayotgan erkin iqtisodiy hududlarda o‘zaro hamkorlikda farmatsevtika, zamonaviy qurilish materiallari, to‘qimachilik va turizm infratuzilmasi sohalarini rivojlantirishga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi