O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Pokiston elchisi bilan uchrashdi
2022-05-26 | Jamiyat
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Pokiston Islom Respublikasining O'zbekistondagi elchisi Sayid Ali Asad Gillanini qabul qildi. Uchrashuvda, shuningdek, Ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo'limi mutaxassisi A. Mirzaaliev, shuningdek Pokiston elchixonasi uchinchi kotibi Tuba Asif ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida O'zbekiston va Pokiston o'rtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan ikki davlat o'rtasida qishloq xo'jaligi, fizika va boshqa sohalarda qo'shma ilmiy loyihalarni tashkil etish bo'yicha fikr almashdilar. O'zaro tajriba almashinuvini hamda yosh olimlarning ilmiy stajirovkalarini o'tkazish masalasi ham uchrashuv kun tartibidan joy oldi.
Tomonlar paxtachilik sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar hamda mazkur yo'nalishdagi ilmiy muassasalarning o'zaro aloqalarini kengaytirish masalasini muhokama qildilar. Bundan tashqari, Pokistonning Milliy ilm-fan va texnologiya universiteti bilan O'zbekistonning ilmiy va ta'lim muassasalarining, jumladan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti va Guliston davlat universiteti hamkorligini qo'llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.
Muzokaralar natijasida, Pokiston tomoni bilan yuqorida keltirilgan yo'nalishlar bo'yicha hamkorlik qilish hamda ikki mamlakat hukumatlari o'rtasida ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik bitimi tuzilishi imkoniyatlarini o'rganib chiqishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi