O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qohirada O‘zbekiston-Misr siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
2022-05-26 | Siyosat
Qohira shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 10-davrasi bo‘lib o‘tdi.
Maslahatlashuvlar O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov va Misr Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ayman Komil rahbarligida o‘tkazildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30-yilligi bilan bir-birlarini qutlar ekan, ikki davlatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada jadallashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini tasdiqladilar.
2018- yilning 4-5- sentabr kunlari Toshkentda, 2022- yil 5- fevralda Pekinda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqqanligi qayd etildi.
Xalqlarimizga xos bo‘lgan tarixiy va madaniy mushtaraklik hamda urf-odatlarning yaqinligi va o‘xshashligi O‘zbekiston-Misr munosabatlarining mustahkam poydevori sifatida xizmat qilayotganligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasining Qohira shahridagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, suhbat davomida ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni qo‘llab quvvatlash, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, ta’lim, diniy-ma’rifiy, innovatsiya, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik kabi ustuvor sohalarda aloqalarni kengaytirish, buyuk allomalarimiz merosini tadqiq etish, muzeyshunoslik va arxeologik yodgorliklar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalar va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi