2022-yil 23-may kuni Vazirlar Mahkamasi Rayosatining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun ijrosi yuzasidan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilindi.
Ushbu qonunga asosan, tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy dastaklash, bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish, ko‘makka muhtoj oilalar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tomorqachilikni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda, ilg‘or xorijiy tajriba va agrotexnologiyalar bo‘yicha yetarli bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ishlab chiqarishga joriy etildi.
Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2 ta farmoni, 9 ta qarori hamda hukumatning 15 ta qarori va 6 ta amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar asosida tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar berildi.
Jumladan: parranda, kurka, quyon, qo‘y va echki, asalari uyasi xarid qilish, intensiv usulda baliq boqishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, “dala do‘konlari” qurish, artezian quduqlar qazish, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik uchun 1 yillik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratish;
ixcham issiqxonalar qurish, kichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanishga hamda qish loq xo‘jaligi texnikasi xarid qilishga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 14 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratish; tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga omborxonalarni jihozlash, quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda subsidiya ajratish;
shuningdek, byudjet mablag‘lari hisobidan suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqa yerlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlari burg‘ilash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob'ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish kabi ko‘plab imtiyozlar berildi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, joylarda hali foydalanilmagan imkoniyatlar, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib mahallalarni muayyan ekin turini yetishtirishga ixtisoslashtirish, ta'minotchi, tayyorlov va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan tomorqa xo‘jaliklari o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kabi o‘z yechimini kutayotgan bir qator masalalar ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, majlisda 2022-yil uchun maqsadli vazifalar belgilanib, bunda quyidagi ustuvor vazifalar dolzarbligi alohida ta'kidlandi:
birinchi — 5,5 milliondan ortiq aholining 509 ming gektar tomorqa yeridagi ertaki ekinlardan, dehqon xo‘jaliklarining takroriy (o‘rtaki) ekinlaridan hamda to‘qsonbosti usulida ekilgan sabzavot ekinlaridan jami 15,2 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini ta'minlash;
ikkinchi — uzumchilikka ixtisoslashgan mahallalardagi aholi tomorqasida serhosil, eksportbop uzum navlari ekish choralarini ko‘rish, shuningdek, 42 million tup tut va mevali daraxt ko‘chatlari ekish;
uchinchi — “Bir mahalla — bir mahsulot tamoyili” asosida 4 ming 109 ta mahallani muayyan turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish, 133,3 mingta aholi tomorqasida ixcham issiqxonalar tashkil etish;
to‘rtinchi — aholi tomorqalariga kompleks xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida mamlakatning meva-sabzavot ko‘p yetishtiriladigan 36 ta tumanida tomorqa xizmati klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
beshinchi — aholi tomorqalariga kafolatlangan ko‘chat va urug‘larni tizimli yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotni sotishni tashkil qilish uchun aholi gavjum mahallalarda kichik sig‘imli muzlatkichga ega bo‘lgan yengil konstruksiyali 2 000 ta “dala do‘koni” tashkil qilish;
oltinchi — suv ta'minoti og‘ir bo‘lgan qishloq va ovullarda qaziladigan artezian quduqlar uchun 100 milliard so‘m subsidiya ajratish;
yettinchi — “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” hamda tomorqa yerlaridan samarali foydalangan fuqarolarga auksion orqali 10 yilga dehqon xo‘jaligi sifatida berilgan 80 ming gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishida amaliy yordam ko‘rsatish;
sakkizinchi — tomorqa yer egalarini va “Tomorqa xizmati” MChJlarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan yil davomida 390 milliard so‘m ajratish kabi bir qator vazifalar belgilab berildi.
Majlis yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tegishli qarori qabul qilindi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»