O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bolgariyada dunyo polvonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurashadi
2022-05-24 | Sport
Joriy yilning 28-29 may kunlari Bolgariyaning Burgas shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir o‘tkaziladi.
Mazkur xalqaro turnir oldidan Sportni rivojlantirish vazirligida o‘tgan matbuot anjumanida nufuzli turnirning ahamiyati xususida so‘z bordi.
Anjumanda Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi kurash bo‘limi boshlig‘i Kamol Usmonov hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasi bo‘lim boshlig‘i Zarnigor Yusupova Bolgariyada o‘tadigan nufuzli musobaqa tartibi, maqsadi, ishtirokchi davlatlar xususida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Jumladan, musobaqalarning aynan Yevropa mamlakatlarida tashkil etilishi milliy kurashimiz qamrovini xalqaro miqyosda kengayishiga, shuningdek, xalqimizga xos milliy urf-odatlarni targ‘ib qilishda va Vatanimiz sport salohiyatini jahon sport maydonlarida yanada tanitishga xizmat qiladi. Anjuman davomida yurtimiz sportchilarining Bolgariya bellashuvlariga tayyorgarlik jarayoni va delegatsiya tarkibi haqida ham ma’lumot berib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, Qora dengiz bo‘yida joylashgan Burgas shahrida kechadigan kurash musobaqalarida 20ga yaqin davlatning sara polvonlari bellashadi. Erkaklar 73, 90 hamda +90 kg. vazn toifalarida, ayollar esa 63 va +63 kg vaznda g‘oliblik uchun gilamga chiqishadi.
Matbuot anjumanida aytilganidek, erkaklar o‘rtasida +90 kg. vaznda kurash bo‘yicha qit’a va Jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Muhsin Hisomiddinov, qizlar o‘rtasida 63 kilogramm og‘irlikda ko‘p karra mamlakat chempioni Malikaxon Qahhorova O‘zbekiston sharafini himoya qilishi belgilangan.
Milliy sportimiz kurashni dunyo bo‘ylab ommalashtirish maqsadida o‘tkazilayotgan Bolgariyadagi kurash musobaqalari doirasida xalqimizga xos an’analar, san’atimiz durdonalari ham keng namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.
Manba: O'zA