O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

2022-05-24 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-may kuni sportni ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda sport infratuzilmasi izchil rivojlantirilib, yoshlarning qiziqishlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. So‘nggi besh yilda 118 ta yangi sport majmuasi foydalanishga topshirildi va 110 tasi rekonstruksiya qilindi. Barcha mahallalardagi yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha ilk bor “besh bosqichli” musobaqalar boshlandi. Aprel-may oylarida o‘tgan birinchi va ikkinchi bosqichlarda 3 milliondan ziyod yoshlar ishtirok etdi.

Lekin qobiliyatli yigit-qizlarni saralab, professional sportchilarga aylantirishga e’tibor yo‘q. Bunda boshlang‘ich tizim bo‘lgan sport maktablari bilan Olimpiya zaxiralari kollejlari va Oliy sport mahorati maktablari o‘rtasida uzviylik yo‘lga qo‘yilmagan. Misol uchun, 190 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabida bor-yo‘g‘i 10 ta olimpiya sport turi o‘rgatiladi. Sport federatsiyalari Olimpiya zaxiralari kollejlari bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygan.

Shu bois yig‘ilishda sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Unga ko‘ra, endi har bir mahallada aprel-iyun va sentabr-dekabr oylarida musobaqalar tashkil etilib, yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar elektron ro‘yxatga kiritiladi hamda hududdagi sport maktabida malakali murabbiylar bilan bepul shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ladi. Ular jismoniy tayyorgarlik darajasi va razryadiga qarab, keyingi bosqichga o‘tkaziladi. Sport maktablari muayyan olimpiya sport turlari bo‘yicha bazaga aylantiriladi. Murabbiylarning ish haqi 35 foizga oshiriladi.   

Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy etib, yaxshi natija ko‘rsatgan mahallalarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Yil yakunigacha 508 ta mahallada ko‘p funksiyali sport maydonchalari qurilishi qayd etildi.

Bugungi kunda Olimpiya zaxiralari kollejlariga 14 yoshdan katta o‘smirlar qabul qilinmoqda. Oqibatda yoshlarni Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash kech boshlanayapti.

Shu bois, bu borada rivojlangan davlatlardagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Endi u asosida sportchilarni professional tayyorlash tizimi isloh qilinadi. Ya’ni, bu sohadagi kollejlar Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sifatida tashkil etiladi. Bu markazlar 5-9-sinflar uchun Olimpiya maktabi, 10-11-sinflar hamda 1-2-kurslar uchun Olimpiya va paralimpiya kolleji bo‘lib xizmat qiladi.

 Sportni rivojlantirish vazirligi huzurida ilg‘or trener va xorijiy ekspertlardan iborat Murabbiylar kengashi tuzilib, musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan yoshlarni kollejlarga saralab oladi. Kollej bitiruvchilari esa kelgusida Oliy sport mahorati institutiga qabul qilinadi. Shu tariqa, professional sportchilar tayyorlashning uzluksiz tizimi yaratiladi.

Sportni rivojlantirish vazirligiga 20 ta istiqbolli olimpiya turini belgilab, ular bo‘yicha hududiy “tayanch baza”larni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Sohadagi ilmiy salohiyat ham talab darajasida emasligi aytildi. Mahalliy olimlar tomonidan birorta sport turi bo‘yicha na metodika, na dastur ishlab chiqilgan. Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda. Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, sport muhandisligi, kardio-mashg‘ulotlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmayapti.

Shu bois, olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorlash, sog‘lom ovqatlantirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universitetida sport diyetologiyasi, muhandisligi va kardio-mashg‘ulotlar, Tibbiyot akademiyasida sport meditsinasi va farmakologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar va hokimlar axborot berdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться