O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eron tashqi ishlar vazirligida uchrashuv to‘g‘risida
2022-05-23 | Siyosat
2022-yilning 22-may kuni Tehron shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mehdi Safariy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot jarayonida ikki davlat o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy va yuqori darajadagi tashrif va muloqotlar hamda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 14-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash, jumladan, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini yanada kengaytirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.
Ilm-fan va innovatsiya sohasida hamda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatini sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari doirasida ikki davlat tomonidan e’lon qilingan qo‘shma “startap” loyihalari ijrosini jadallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi ikki tomonlama keng qamrovli munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Tomonlar kun tartibidagi boshqa qator muhim masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi