Joriy yilning 20-may kuni Qozog‘iston Respublikasi raisligida videokonferensaloqa orqali Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur majlisda mamlakatimiz Hukumati delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning 2020-yilda Hamdo‘stlikka raisligi davrida qabul qilingan MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va MDHni 2030-yilgacha iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini amaliyotga tatbiq etish zarurligi ta'kidlandi.
Muloqot chog‘ida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash sohasida o‘zaro samarali hamkorlik qilish, hududlararo va transkontinental transport kommunikatsiyalari tizimini takomillashtirish singari dolzarb masalalarga ham e'tibor qaratildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari kun tartibidan o‘rin olgan barcha masalalarni ko‘rib chiqib, tegishli hujjatlarni qabul qildilar.
MDH Hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisi shu yilning noyabr oyida Nur-Sulton shahrida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati