O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Mirzo Ulug'bek vorislari» Respublika tanlovi final bosqichi g'oliblari taqdirlandi
2022-05-23 | Yoshlar
Рoytaxtdagi Toshkent shahar yoshlar markazida o'tkazilgan «Mirzo Ulug'bek vorislari» Respublika tanlovining final bosqichi g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
«Iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash «Ulug'bek» jamg'armasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan intellektual musobaqaning yakuniy bosqichiga jami 280 nafar ishtirokchi etib keldi.
3 kun davom etgan bellashuvlar qizg'in bahs va unutilmas taassurotlarga boy bo'ldi. Respublikaning turli hududlaridan kelgan iqtidorli yoshlar, navqiron tadqiqotchilar bir nuqtada jam bo'lishdi, musobaqa kunlarida ular o'zaro bilim va tajriba almashib, fikrlari bilan o'rtoqlashish, yangi do'stlar orttirish imkoniyatiga ham ega bo'lishdi. A, B, C guruhlarga bo'lingan qatnashchilar taqdimotlar vaqtida bir-birlarini qo'llab-quvvatlab turishdi.
Yakuniy bosqichda ishtirokchilar hay'at a'zolariga mini-texnologiyalar, robototexnika, innovatsion xizmatlar, dasturlash, VR va AR, qishloq xo'jaligi va biotexnologiya, muqobil energiya, sog'liqni saqlash, sun'iy intellekt, 3D prototiplash kabi yo'nalishlar bo'yicha o'z loyiha va ishlanmalarini taqdim etishdi. Maxsus komissiya tomonidan qo'yilgan ballar natijalariga ko'ra, 100 nafar g'olib saralab olindi. Ularga BHMning 20 baravari (5 400 000 so'm) miqdorida pul mukofotlari topshirildi. Bundan tashqari, g'oliblar «Iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash «Ulug'bek» jamg'armasi tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o'quv kurslarida bepul o'qish imkoniyatiga ham ega bo'lishdi.
Shuningdek, yana bir qator istiqbolli loyihalar 11ta nominatsiyada munosib taqdirlandi.
Yopilish marosimda Iqtidorli yoshlarni qo'llab quvvatlash «Ulug'bek jamg'armasi» raisi Oqil Salimov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Innovatsion rivojlanish vaziri maslahatchisi Isajon Sulton so'zga chiqdilar va tanlov ishtirokchilarini ushbu bosqichgacha etib kelganlari bilan tabriklab, ularga kelgusi faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladilar. Tanlov tashkilotchilari kelgusida ham shu kabi musobaqalarni ko'proq o'tkazish, ularning qamrov doirasini yanada kengaytirish niyatida ekanliklarini bildirishdi.
Asosiy maqsadi bilim olishga intilayotgan iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga joriy qilsa bo'ladigan, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan innovatsion loyihalarni amalga oshirishga ko'maklashishdan iborat bo'lgan tanlovda ko'pgina iqtidorlar kashf etildi. Yoshlar o'rtasida o'ziga xos an'anaga aylanib ulgurgan keng qamrovli musobaqalar, etishib chiqayotgan yangi kadrlar uchun tayanch nuqtasi bo'lib xizmat qiladi. Ularning kelgusi faoliyatiga salmoqli hissa qo'shadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi