2020-yildan boshlab har yili iqtidorli yoshlarni kashf qilish va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Mirzo Ulug‘bek vorislari» respublika tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Kecha ushbu tanlovning joriy yilgi final bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan kreativ va innovatsion g‘oyaga ega iqtidorli yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning final bosqichida respublikamizning barcha hududlaridan 16 dan 25 yoshgacha bo‘lgan 23 811 nafar iqtidorli o‘quvchi va talaba yoshdan 4526 nafari ishtirok etdi.
Bunda har bir ishtirokchi tanlov uchun ilmiy va innovatsion xarakterga ega bo‘lgan loyiha va g‘oyalarni taqdim qildi.
Intellektual musobaqaning yakuniy bosqichiga jami 280 nafar (shundan, 150 nafari talabalar) ishtirokchi yetib keldi.
Shundan maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra 100 nafar g‘olib saralab olindi. Eng quvonarlisi, g‘oliblar ichida ko‘pchilikni talaba-yoshlar tashkil etdi.
Taqdirlash marosimida «Ulug‘bek» jamg‘armasi raisi Oqil Salimov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov so‘zga chiqib, tanlov ishtirokchi va g‘oliblarini samimiy tabrikladilar.
“Shunday millatlar borki, ajdodlaridan buyuk shaxslarni sanashga barmog‘i yetadi, ammo o‘zbek millati degan shunday millat borki, qaysi sohani ko‘rmang ajdodlarini sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Bugun Prezidentimiz ham, xalqimiz ham sizdan ilm-fan, kashfiyotda uchinchi Renessans ishtirokchilari bo‘lishingizni kutmoqdalar”, – deya ta'kidladi A.Toshqulov.
Shundan so‘ng kutilgan onlar yetib keldi. Har bir g‘olib shaxsan tashkilotchi rahbarlar qo‘lidan o‘z mukofotlarini qabul qilib oldilar. G‘oliblar 5 400 000 so‘m miqdorida pul mukofoti, statuetka va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Bundan tashqari, ular «Ulug‘bek» jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o‘quv kurslarida bepul o‘qish imkoniga ham ega bo‘lishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi