O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namanganda gul sayli boshlandi
2022-05-22 | Madaniyat
Ayni kunda butun Oʻzbekiston, qoʻshni respublikalar, uzoq va yaqin davlatlar nigohi Namanganga qadalgan. Bu yil sayin nufuzi ortib borayotgan Xalqaro gullar festivali tantanalari bilan bogʻliq.
Bugun koʻhna va navqiron kentda Namanganning oʻzigagina xos boʻlgan gullar sayli boshlandi. Oltmish birinchi bor, buning ustiga xalqaro miqyosda nishonlanayotgan anjumanga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki oʻttizga yaqin davlatlardan gul ishqibozlari tashrif buyurgan. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻidagi maftunkor manzaralar, sermazmun tomoshalardan shodlanish ishtiyoqidagi insonlarning bari gullar timsolida nafosatga oshufta shahar ahlining tabiatga mehri, ahdu shijoatiga tasanno aytmoqda.
Anʼanaviy gullar festivali bugun ertalab anvoyi gullar bilan bezatilgan ikki yuzdan ziyod transport vositalaridan iborat karvon ishtirokida shahar boʻylab tashkil etilgan oʻziga xos avtoparad bilan boshlandi. Ayniqsa, avtomobillar karvonidan oʻrin olgan texnikalardagi xalqlar doʻstligi kompozitsiyasi Xitoy, Yaponiya, Koreya, Turkiya, Rossiya, Hindiston kabi xorijiy mamlakatlardan kelgan mehmonlarning alohida eʼtiborini tortdi.
Viloyat markazidagi Tinchlik xiyobonida 61-Xalqaro gullar festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat faollari, martabali mehmonlar, chet el delegatsiyalari, OAV vakillari va blogerlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov soʻzga chiqib, barchani nafosat bayrami bilan qutladi va ushbu anʼanani izchil rivojlantirish hudud iqtisodiy va turizm potensialini oshirishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
— Davlatimiz rahbari tashabbus va tavsiyalari bilan bu festival xalqaro maqomga ega boʻldi. Uning koʻlami kengayib, dunyo miqyosiga koʻtarilgani nafaqat Namangan, balki butun mamlakatimiz ahlining gʻurur-iftixoriga sabab boʻlmoqda, — dedi viloyat hokimi.
Marosim davomida sanʼatkorlarning kuy, qoʻshiq va raqslaridan iborat dastur namoyishi barchaga xush kayfiyat bagʻishladi. Shundan soʻng anjumanning asosiy tadbirlari Bobur bogʻiga koʻchdi. Viloyat hokimi rahbarligida faollar hamda mehmonlar bu yerdagi gullar ekspozitsiyalari bilan tanishdilar, gulchilar bilan suhbatlashdilar. Bir-biridan mazmunli va qiziqarli ekspozitsiyalar, ayniqsa, xorijlik mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Aytish lozimki, endilikda milliy qadriyatlarimiz qatoridan munosib oʻrin olgan gullar festivalining dasturi butun jahonga koʻz-koʻz qilsa arziydigan miqyos va mazmunda tayyorlangan. Xususan, madaniyat va istirohat bogʻi ikki hafta davomida chinakam sayilgoh, koʻngilochar tadbirlar maskaniga aylanadi. Poytaxtdan tashrif buyurgan usta sanʼatkor va soʻz ustalari, viloyat badiiy jamoalari, dorbozlik hamda boshqa turdagi xalq oʻyinlari ijrochilarining chiqishlari tomoshabinlarga bir olam zavq bagʻishlashi tabiiy. Bundan tashqari ona yurt, tabiat manzaralarini aks ettirgan suratlar koʻrgazmasi, adabiy mushoiralar, modelyerlar bahsi, turli tanlovlar tashkil etiladi. Eng yaxshi koʻrgazma tashkil etgan gulchilarni esa yengil avtomashina va boshqa qimmatbaho sovrinlar kutmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV
Manba: «Xalq So'zi»