O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligida kosmik maʼlumotlar va xizmatlarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
2022-05-20 | Iqtisodiyot
Toshkent shahrida Yevropa komissiyasining Texnik yordam va axborot almashish (TAIEX PI) loyihasi doirasida respublikaning tegishli vazirlik va idoralarining mutaxassislari uchun kunlari tashkil etilgan to‘rt kunlik seminar o‘z ishini tugatdi.
Tadbir O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekkosmos” agentligi va Yevropa komissiyasining Mudofaa sanoati va koinot bo‘yicha bosh direktorati (DG DEFIS), Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir doirasida kosmik tadqiqotlar yo‘nalishi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda kosmik maʼlumotlar va xizmatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari yuzasidan Ispaniya, Fransiya va Ruminiya davlatlari ekspertlari taqdimotlar bilan ishtirok etishdi.
Tadbirning birinchi kunida Yevropa kosmik agentligining ikkita yirik loyihasi — Yevropa global navigatsiya tizimi (“Galileo” nomi bilan tanilgan) hamda Yerni kuzatish bo‘yicha “Kopernik” dasturi taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zbekkosmos” agentligi mutaxasislari respublikada yerni masofadan zondlash va geoaxborot texnologiyalarining qo‘llanilishi holati, amalga oshirilayotgan loyihalar borasida taqdimotlar o‘tkazdilar.
Tadbir doirasida respublika vazirlik va idoralarining mutaxassislarini o‘qitish, texnik yordam va bilim almashish bo‘yicha ehtiyojlarni o‘rganish ikki tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
Seminar davomida olingan bilimlardan quyidagi yo‘nalishlarda foydalanish mumkin:
– mutaxassislarning raqamli va geoaxborot texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirish,
– yerni masofadan zondlash maʼlumotlariga ishlov berish tizimini takomillashtirish,
– geomaʼlumotlar bazasi bilan ishlash,
– qarorlarni qabul qilish uchun dolzarb tahliliy maʼlumotlarni yaratish.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yevropalik ekspertlarga minnatdorlik bildirib, bu kabi uchrashuvlarni muntazam tashkil etish taklifini bildirishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi