O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Malayziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-05-19 | Siyosat
2022-yil 19-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Malayziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kamarudin Jaffar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Malayziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelib, bu ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini yuzaga chiqarishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Malayziya kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, ta’lim va gumanitar almashinuvlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uning tuzilmasini diversifikatsiya qilish, shuningdek, turizmni rivojlantirish, muntazam va charter reyslarini tiklash bo‘yicha o‘zaro chora-tadbirlar ko‘rish muhimligi qayd etildi. Iqtisodiy diplomatiyani yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi