O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkentdagi “madaniy-gumanitar haftaligi”
2022-05-19 | Siyosat
O‘zbekistonning ushbu nufuzli tashkilot raisligi doirasida amalga oshirayotgan madaniy, turizm va sport diplomatiyasi “Shanxay ruhi” tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda
2021-2022 yillarda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davomida respublika Tashkilot doirasida o‘tkazilayotgan ko‘plab yuqori darajali tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Mazkur uchrashuvlarda tashkilotning turli jabhadagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kuchaytirish vazifasi muhokama qilinib, bu borada O‘zbekistonning tegishli tashabbus va takliflarini hayotga tadbiq qilish yuzasidan kelishuvga erishilmoqda.
Joriy yil 19-20 -may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan SHHTga a’zo davlatlar madaniyat, turizm va sport masalalari bo‘yicha vazirlar darajasidagi yig‘ilishlari Tashkilot doirasida rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun zamin hozirlaydi, deyish mumkin.
Uch kun davomida o‘ndan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan yuqori martabali rasmiylar, olimlar, yetuk xorijiy universitetlar rektorlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘z g‘oya, taklif, fikr-mulohazalarini almashadi, istiqbolli reja va loyihalarni muhokama qilishadi, SHHTning madaniy-gumanitar sohadagi faoliyati uchun muhim qarorlar tayyorlashadi.
SHHT tarkibida 8 a’zo-davlat, 4 kuzatuvchi-davlat va 9 muloqot uchun hamkor-davlat faoliyat yuritmoqda. Boshqacha aytganda, tuzilma Yevroosiyoning beshdan uch qismini, dunyo aholisining, qariyb, yarmini qamrab olgan.
Raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsak, SHHTning umumiy maydoni 34 million kvadrat/kilometr. Bu ulkan makonda 3,2 milliard kishi yashaydi. SHHT xalqlar madaniyati va an’analari rang-barangligi bilan birga turli sivilizatsiyalarni birlashtirgani, rivojlantirib kelayotgani bilan ham ajralib turadi va o‘ziga xos jozibadorlik namoyon qiladi.
Tobora chigallashib borayotgan hozirgi zamon xalqaro munosabatlarida madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlash har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘tgan yil 20 yilligini qarshilagan SHHT ayni yo‘nalishdagi faoliyat naqadar muhimligini teran anglovchi ko‘p tomonlama tuzilma. Ta’sischilar o‘sha davrdayoq buni ustuvor maqsadlardan biri sifatida Shanxay hamkorlik tashkiloti Xartiyasida belgilab qo‘yishgan. SHHTni dunyoga tanitgan “Shanxay ruhi”ning asosiy tamoyillaridan biri ham “madaniy xilma-xillikni hurmat qilish”dir. Bunday tamoyillarni boshqa xalqaro tashkilotlarda uchratish mushkul.
Mazkur holatni har yil bo‘lib o‘tadigan SHHT Sammitlari yakuniy hujjatlarida ham ko‘rish mumkin. Xususan, 2021 yil 16-17 sentyabr kunlari Tojikistonda bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari yig‘ilishida qabul qilingan Dushanbe deklaratsiyasida ham “barcha a’zo davlatlar SHHT doirasidagi madaniy hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlashda samarali omil ekanligini yakdillik bilan ta’kidlab, Tashkilotning madaniy sohada o‘zaro aloqalarni rivojlantirish va boyitish orqali jahon hamjamiyatiga milliy an’analar va qadriyatlarga nisbatan yuksak hurmat hamda bag‘rikenglikning yorqin namunasini ko‘rsatayotgani” e’tirof etilgan.
Ta’diklash joiz, o‘tgan davrda SHHTga a’zo davlatlar 1990-yillarda amerikalik siyosatshunos S.Xantington ilgari surgan “sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” asosida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlar, yangi “sovuq urush”lar va boshqa har xil salbiy yondashuvlardan voz kechdi. Tashkilotning barcha a’zolari o‘zaro hurmat, teng huquq, odil va manfaatli amaliy hamkorlik tarafdoridir.
Bu tashkilot doirasida serqirra, madaniyat, turizm, sport, fan-ta’lim kabi, barqaror taraqqiyot uchun o‘ta muhim hisoblangan, ijtimoiy sohalarda yuqori darajadagi hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlarga yo‘l ochmoqda.
Qadimgi Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan SHHT davlatlarida savdo-sotiq va iqtisodiy aloqadan tashqari, madaniy-gumanitar hamkorlik va sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot o‘rnatilishida hamda gullab-yashnashida ushbu transkontinental yo‘lak beqiyos ahamiyat kasb etgan. O‘tmishda Buyuk ipak yo‘li chorrahasi hamda bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasining ma’naviy o‘chog‘i hisoblangan O‘zbekistonda qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi o‘tmishdan davom etib kelayotgan o‘zaro hamkorlik uzviy ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Toshkent “madaniy-gumanitar haftaligi” doirasida qabul qilinadigan hujjatlar turli yo‘nalishdagi aloqalarga mustahkam huquqiy asos yaratishi kutilyapti.
Ayniqsa, o‘tgan ikki yil davomida butun dunyo hamjamiyatini larzaga solgan pandemiya oqibatlari SHHT makonida ham xalqlar o‘rtasidagi muloqotga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatib, aloqalar zanjiri uzilishiga sabab bo‘ldi. Toshkentda o‘tkazilajak madaniy tadbirlarni pandemiya ustidan qozonilgan g‘alaba, SHHT makonida zamonaviy Ipak yo‘li qayta tiklanishi uchun qo‘yilgan dadil qadam, deyish uchun barcha asoslar mavjud.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan yig‘ilish doirasida “SHHT davlatlari hamkorligining yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” mavzusida xalqaro forum o‘tkazilishi, ushbu tadbirga yuzdan ziyod xorijiy sayyohlik kompaniyalari, ekspertlar, jamoatchilik va OAV vakillari jalb qilingani ayni yo‘nalishdagi hamkorlikning yangi qirralarini ochishi tayin.
SHHT mamlakatlarining umumiy turistik salohiyati juda ulkan, aslida. Bu hududda YUNESKO moddiy va madaniy merosi ro‘yxatiga kirgan 140 dan ortiq ob’ekt bor. Istiqbolda SHHT makonining global turizmdagi ulushi ortib borishi aniq. Zero, aynan Osiyo xalqaro taraqqiyot markaziga aylanib bormoqda. Xitoy va Hindiston kabi rivojlanib borayotgan mamlakatlarning jami uch milliardga yaqin aholisi orasida sayyohlikka qiziqish yil sayin ortib borayotganining o‘ziyoq buni ko‘rsatib turibdi.
Toshkent mezbonlik qilayotgan SHHT anjumanida ushbu yirik salohiyatdan samarali foydalanishning turli jihatlari ko‘rib chiqiladi. Pandemiyadan keyingi davrda turizm industriyasini birgalikda rivojlantirish mavzusi ham kun tartibidan o‘rin olgan. Jahon turizm tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzida har o‘n odamdan biri turizm sohasida mehnat qiladi. Pandemiyaning salbiy oqibati dunyo bo‘yicha xalqaro turistlar oqimini 95 foizgacha qisqartirib, 100-120 milliongacha ishchi o‘rnini yo‘qotdi. Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan ushbu Forum pandemiya oqibatlarining SHHT davlatlariga salbiy ta’sirini kamaytirish va yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha o‘ziga xos platformaga aylanishiga shubhasiz.
Forum davomida yangi sharoitlarda turizmning barqaror rivojlanishini ta’minlash, turizm sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik, arxeologiya va muzeyshunoslik sohalarida o‘zaro aloqalarni keng yo‘lga qo‘yish hamda sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma choralar ishlab chiqish kutilmoqda.
Bundan tashqari SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida ilk bor ishlab chiqilayotgan “Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hukumatlararo Bitim” ayni yo‘nalish tarixida yangi sahifa ochadi. Mazkur hujjat loyihasi turizm vazirlari tomonidan muhokama qilinib, joriy yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Tashkilot Sammitida imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumki, SHHT makonida istiqomat qilayotgan barcha xalqlar buyuk sivilizatsiyalar bunyodkorlari hisoblanadi. O‘tmishda a’zo davlatlar hududlarida yaratilgan va shu kunga qadar saqlanib qolgan boy moddiy va ma’naviy meros bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilgan, YUNESKO tomonidan ro‘yxatga olingan. Shu kunga qadar SHHT xalqlari boy madaniy merosini saqlab qolish va ommalashtirish maqsadida Tashkilot Kotibiyati tomonidan qator xalqaro madaniy tadbirlar o‘tkazilgan.
Jumladan, 2021-yil 13 -noyabrda Tashkilotning 20 yilligiga bag‘ishlangan “SHHTning 8 mo‘’jizasi” loyihasi doirasida Xitoyda o‘tkazilgan xalqaro madaniy-turistik ko‘rgazmada a’zo davlatlar o‘z boy madaniy merosini namoyish qilgan edi. Xususan, Hindiston “Birlik Monumenti”ni, Qozog‘iston “Tamgali arxeologik kompleksi”ni, Xitoy “Damin imperatorlik saroyi qoldiqlari”ni, Qirg‘iziston “Issiq-Ko‘l”ni, Pokiston “Laxor shahridagi mo‘g‘ul merosi”ni, Rossiya “Oltin uzuk”ni, Tojikiston “Navro‘z saroyi”ni va O‘zbekiston Buxoro shahridagi “Poi kalon”ni “SHHTning 8 mo‘’jizasi” loyihasiga kiritgan.
SHHT davlatlarining madaniyat sohasi rahbarlari Toshkentda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ishga solinmagan imkoniyatlardan yanada unumli foydalanish hamda o‘zaro munosabatning yangi yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha fikr almashadilar. Ko‘rib chiqilishi kutilayotgan, muzeyshunoslik sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Memorandum loyihasi tadbirning muhim hujjatlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan mazkur Memorandum kelgusida SHHTga a’zo davlatlar muzeylari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish va sheriklikni rivojlantirishgayo‘naltirilgan muhim huquqiy normalarni o‘z ichiga olgan.
20 -may kuni o‘tkaziladigan SHHTga a’zo davlatlar jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlari yig‘ilishida Tashkilot doirasida sportni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama etiladi.
Tadbirga raislik qilayotgan O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda sportning barcha sohalarini rivojlantirishga davlat miqyosida e’tibor berilmoqda. Sohani tubdan isloh qilish maqsadida Prezidentning 2022- yil 18- fevraldagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil qilindi.
bugungi kunda SHHTga a’zo barcha davlatlardan dunyo tan olgan yetakchi sportchilar yetishib chiqqan, a’zo davlatlarda xalqaro sport musobaqalari muntazam o‘tkazilmoqda. Xususan, pandemiya natijasida yuzaga kelgan qator cheklovlar, murakkab epidemiologik sharoitga qaramasdan, Xitoy 2022 yildagi qishgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga munosib mezbonlik qildi, ushbu nufuzli musobaqalarni yuqori sur’atda o‘tkazdi.
Bundan tashqari SHHT doirasida joriy yil mart oyida “Toshkent xalqaro yarim marafoni” o‘tkazildi, g‘olib va sovrindorlar, ishtirokchilar munosib mukofotlandi. Soha mutasaddilarining ushbu yig‘ilishida SHHT makonida sportni yanada rivojlantirish, jismoniy tarbiyani aholi orasida keng ommalashtirish masalasi diqqat markazida bo‘ladi. Xususan, SHHTga a’zo davlatlar jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga mas’ul vakolatli idoralari o‘rtasidagi Bitimni amalga oshirish bo‘yicha 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Tadbirlar rejasi qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu hujjat sportning barcha yo‘nalishlarida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar va chora-tadbirlar majmuini aks ettirish barobarida olimpiya, neoolimpiya, etno sport yo‘nalishlarida hamkorlik qilish va tajriba almashishga oid masalalarni ham qamrab oladi. Bir so‘z bilan aytganda mazkur tadbir doirasida sportni rivojlantirish bo‘yicha SHHTning 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” qabul qilinishi kutilmoqda.
Yuqorida sanab o‘tilgan madaniyat, turizm va sport ishlari bo‘yicha Toshkentda o‘tkaziladigan vazirlar darajasidagi yig‘ilish, anjuman dasturi bo‘yicha tashkil qilinadigan turli uchrashuvlar va umuman O‘zbekistonning SHHTdagi raisligi doirasida tashkil etilayotgan barcha tadbirlar mamlakatimiz sa’y-harakatlarining samarasidan, amaliy natijadorligidan dalolat bermoqda. Ushbu tadbirlar joriy yil sentyabr oyida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Tashkilot sammitini mazmun jihatdan boyitishga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi shubhasiz.
Manba: O'zA