O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirish – dolzarb vazifa
2022-05-19 | Jamiyat
Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda “Advokatura institutini takomillashtirishda Toshkent davlat yuridik universiteti va Advokatlar palatasining hamkorligi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda Adliya vazirligi, Advokatlar palatasining mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti rahbariyati, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi va Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilari, advokatlar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, har qanday sohaga yangilik joriy etish yoki biror o‘zgarish qilish chuqur ilmiy tahlil va prognozni taqozo etadi. Xususan, advokatura institutining rivojlanishi ham ko‘p jihatdan uning ilmiy asoslariga bevosita bog‘liqdir.
Zotan, oliy yuridik ta’limning asosiy vazifalaridan biri mamlakatimizda har tomonlama yetuk, yuqori malakali mutaxassis-huquqshunoslarni tayyorlash hamda sud-huquq tizimini ilmiy jihatdan tadqiq etish hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, advokatura institutining ilmiy-amaliy masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada uning bugungi holati, mavjud muammolar va ularning yechimlari, sohaning rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi ikki yilda Toshkent davlat yuridik universitetida advokatura institutini ilmiy jihatdan tadqiq etishga, yoshlarda advokatlik kasbiga bo‘lgan qiziqishni oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, o‘tgan davr mobaynida universitetda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida yagona bo‘lgan maxsus advokatura kafedrasi tashkil etildi, magistratura bosqichida yangi “Advokatlik faoliyati” yo‘nalishi ochildi, shuningdek,sohaga oid ko‘plab darslik va o‘quv adabiyotlari tayyorlandi. Mazkur jarayonni yangi bosqichga olib chiqish, sohani yanada rivojlantirish, belgilangan ishlarni amalga oshirishda samaradorlikka erishish maqsadida konferensiya davomida Toshkent davlat yuridik universiteti va Advokatlar palatasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum yosh talabalar universitetda olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotida qo‘llashlari, “Ustoz-shogird” an’anasi asosida tajribali advokatlar bilan birgalikda ishlash hamda bilimlarini oshirishlari va eng muhimi, o‘quv jarayoniga amaliyotchi mutaxassislarni keng jalb etish imkonini beradi.
Shu bilan birga, konferensiyada sohada o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar ham mavjudligi qayd etib o‘tildi.
Xususan, uzoq yillar davomida advokatura institutiga oid ilmiy tadqiqotlar deyarli o‘tkazilmaganligi, qariyb 30 yil davomida atigi 4 ta ilmiy dissertatsiya yoqlanganligi, respublikada 30 yoshgacha bo‘lgan advokatlar soni 50 nafarga ham yetmasligi, qonunchilikda talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ishlashi mumkin emasligi, professor-o‘qituvchilar uchun advokatlik litsenziyasini olish uchun stajirovka o‘tashda bir qator byurokratik to‘siqlar mavjudligi ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda 4 125 nafar advokat faoliyat yuritayotgan bo‘lib, bu har 100 ming aholiga o‘rtacha 12 nafardan advokat to‘g‘ri keladi, degani. Albatta, bu juda past ko‘rsatkich bo‘lib, Yevropada har 100 ming aholiga o‘rtacha 120 nafar advokat xizmat ko‘rsatadi. Konferensiyada advokatura institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish, uning jozibadorligini oshirish jarayonida mazkur yo‘nalishdagi xorijiy mamlakatlar tajribasini chuqur o‘rganish maqsadga muvofiqligi, sohadagi muammolar yechimini “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasida aks etishi zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida olimlar, ekspertlar va soha mutaxassislari tomonidan sohani rivojlantirishga doir aniqtaklif va tavsiyalar bildirildi.
Manba: O'zA