O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatimiz farmkompaniyalari "KIHE - 2022" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
2022-05-18 | Jamiyat
Qozog‘istoning Almati shahridagi “Atakent” ko‘rgazma markazida "27-Qozog‘iston xalqaro sog‘liqni saqlash ko‘rgazmasi – KIHE 2022"ning birinchi ish kuni boshlandi.
Unda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur delegatsiya tarkibidan yurtimizda faoliyat yuritayotgan 13 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi farmkompaniyalar vakillari hamda Agentlik mutaxassilari o‘rin egallagan. Eksportni rag‘batlantirish agentligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz 3 kun davomida "Made in Uzbekistan" brendi ostida o‘z mahsulotlarini namoyish qilishadi.
Aytish joiz, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2021- yil davomida Qozog‘iston Respublikasiga 7,6 million dollarlik dori vositalari va tibbiy buyumlar eksport qilingan. Bugun o‘z ishini boshlagan ko‘rgazmada O‘zbekistondan tashqari Belarus, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston, Xitoy, Polsha, Rossiya va Chexiyadan tashrif buyurgan 170 dan ortiq kompaniya vakillari o‘z ko‘rgazma mahsulotlari bilan ishtirok etadi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida tibbiyot sohasi vakillari uchun konferensiyalar, seminarlar va mahorat darslari ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Manba: O'zA