O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Isroil turizm vaziri bilan muzokaralar o'tkazdi
2022-05-18 | Jamiyat
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Isroil turizm vaziri Konstantin (Yoel) Razvozov bilan uchrashdi. Ikki vazir uchrashuvi poytaxtimizning Talabalar shaharchasida joylashgan INNO texnoparkda bo'lib o'tdi.
Konstantin Razvozov avvalo INNO texnopark faoliyati , u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ilmiy, texnologik, ishlab chiqarish salohiyatiga ega yirik majmua faoliyatiga yuqori baho berdi. K. Razvozov Isroil startaplarni yaratish bo'yicha dunyoda etakchi bo'lishiga qaramay, aksariyat startaplar o'z faoliyatini boshqa davlatlarda davom ettirishini qayd etib, bu amaliyotni O'zbekistonga ham joriy etish mumkinligini qayd etdi. Ta'kidlash lozimki, Isroilda yiliga 10 mingtaga yaqin startap korxonalar tashkil etiladi.
I. Aburahmonov hamkorlikda qo'shma ilmiy, startap loyihalar tanlovlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Tomonlar bu masala bo'yicha amaliy ishlarni boshlash bo'yicha mas'ul xodimlarga topshiriqlar berdilar. Istiqbolli startap loyihalarning O'zbekistonga kirib kelishi yangi ishchi o'rinlari yaratilishiga xizmat qilishi qayd etildi.
O'z navbatida Isroil turizm vaziri Isroilda IT mutaxassislariga talab katta ekani, o'zbekistonlik axborot texnologiyalari mutaxassislarini Isroil kompaniyalariga jalb etish mumkinligi haqida fikr bildirdi. Innovatsion rivojlanish vaziri yurtimizda oliy ta'lim qamrovi kengayayotgani munosabati bilan har yili ko'plab bilimli yoshlar etishib chiqayotgani va ularni yuqori texnologik ish joylari bilan ta'minlash masalasi dolzarb ekanini qayd etib, bunda INNO texnopark imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligini aytdi.
Tomonlar ikki davlat o'rtasidagi ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasida mushtarak faoliyat yuritishga kelishdilar. Uchrashuv do'stona ruhda o'tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi