O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda “O‘zmilliybank” AJ raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotining Banklararo birlashmasi kengashi ekspertlari va koordinatorlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2022-05-17 | Iqtisodiyot
Buxoro shahrida, O‘zbekiston Respublikasining 2021-2022-yillarda SHHTga raisligi doirasida, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotining Banklararo birlashmasi kengashi (SHHT BBK)ning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda SHHTga a’zo davlatlar – Hindiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasining yetakchi rivojlantirish institutlari ishtirok etdi.
Taklif etilgan faxriy mehmonlar sifatida SHHT Kotibiyati Maslahatchisi M.S. Raxanova va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar Vazirligining vakili ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 23- oktyabrdagi PQ-5266-sonli qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2021-2022 -yillarda SHHTga raisligi konsepsiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri - savdo va investitsion hamkorlikning o‘sishini, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni kengaytirish orqali, SHHT faoliyatining iqtisodiy jihatlarini mustahkamlash hisoblanadi. Shu munosabat bilan, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan BBK a’zo-vakillariga quyidagi hujjatlar loyihalari taklif etildi:
1. SHHT BBKga a’zo banklarning o‘rta muddatli istiqbolda (2022-2027-yillar) SHHTning mintaqalararo iqtisodiy hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
2. SHHT BBKga a’zo banklarning o‘zaro moliyaviy aloqalar va hamkorligi bo‘yicha asosiy tamoyillar. “O‘zmilliybank” AJ raisligining asosiy tashabbusi SHHT davlatlarida o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsion hamkorlikning o‘sishini rag‘batlantirish, sanoat kooperatsiyasning rivojlanishi, infrastruktura loyihalarini moliyalash va SHHTning 2021-2025-yillar uchun ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amaldagi ijrosiga yo‘naltirilgan. SHHT BBK a’zo banklari tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan taklif etilayotgan hujjatlarning ahamiyati va dolzarbligi belgilab o‘tildi.
Shu jumladan, yuqoridagi hujjatlar mintaqada mavjud yangi vaziyatga konstruktiv bo‘lib, investitsiyalarni jalb qilish, SHHT mintaqaviy iqtisodiyotlarining davriy rivojlanishiga yordam berishi, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida pragmatik moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash va innovatsion texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, sanoat parklari qurilishi, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga yordam berishi ta’kidlab o‘tildi. Ishlab chiqilgan hujjatlar SHHTga a’zo davlatlar mintaqasining iqtisodiy rivojlanishi uchun innovatsion yechim bo‘lib xizmat qiladi, shu jumladan, BBK a’zo banklarining infratuzilma loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga ham xizmat qiladi.
Tadbir natijasida, tomonlar “O‘zmilliybank” AJ tomonidan yuqorida taklif etilgan tashabbuslar ma’qullandi va SHHT BBK ekspertlari va koordinatorlari yig‘ilishi bayonnomasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, SHHT BBK Kengashining XVIII yig‘ilishi joriy yilda Samarqand shahrida, an’anaga ko‘ra, SHHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi oldidan, bo‘lib o‘tadi.
Manba: O'zA