O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi vazirligida Ozarbayjon delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2022-05-16 | Iqtisodiyot
2022-yil 11-may kuni Ozarbayjon Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi raisi Tahmazli Goshgar boshchiligidagi delegatsiya O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tashrif buyurdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev olib borgan uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ozarbayjon Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi 2017-yili tashkil etilgan va Ozayrbayjon oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qiluvchi 5 ta davlat organini birlashtiradi. Bugungi kunda Agentlik tizimida 1500 nafar xodim faoliyat yuritadi, xususan, markaziy apparatda, 11 ta hududiy vakolatxonalari va Oziq-ovqat xavfsizligi institutida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2002-yilda idoralararo bitim imzolangan edi.
2022-yilning yanvar-mart oylarida Ozarbayjon bilan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tovar ayirboshlash hajmi umumiy qiymati 5,3 mln dollarlik 3,8 ming tonnani tashkil etdi (uzum – 1,5 mln dollar, yeryong‘oq – 1,2 mln dollar, loviya – 495 ming dollar).
Shuningdek, Ozarbayjonga chigitning bir qancha navlari jo‘natildi. Chigit Ozarbayjonning O‘simliklarni himoya qilish va texnik ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida 2021-yil mart oyida imzolangan ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida topshirildi. Ayni paytda mehmon davlat mutaxassislari o‘zbek seleksiyasiga oid chigitni Ozarbayjonning tuproq-iqlim sharoitida moslashishini o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
O‘zbekiston o‘z navbatida funduk yong‘oqning serhosil navlari ko‘chatlarini olishga qiziqish bildirmoqda. Bu boradagi tajribani o‘rganish uchun mutaxassislarimizni Ozarbayjonga yuborish rejalashtirilgan.
Toshkentga tashrifi davomida Ozarbayjon delegatsiyasi O‘zR O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarlari bilan ham uchrashadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi