O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbek va boshqird xalqlari o‘rtasidagi do‘stona va samimiy aloqalar mustahkamlanyapti
2022-05-16 | Jamiyat
Qadimdan Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududi ko‘p millatli bo‘lib, bu yerda turli millatlar, tillar va madaniyat vakillari ahil-inoq yashab kelgan.
O‘zbekiston xalqlarining madaniy xilma-xilligi mustaqillikning asosiy yutuqlaridan biri bo‘lib, bebaho boyligi sifatida e’tirof etilgan.
O‘zbek va boshqird xalqlarining o‘tmishi va buguni mustahkam aloqalar bilan uzviy bog‘liq. Tarixning turli bosqichlarida barcha sohalardagi hamkorlikning minglab namunalari mavjud. Bu yil A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan 16-18-may kunlari mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston va Boshqirdiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stona va yaqin rishtalarni mustahkamlash maqsadida A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil etilganining 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi. Qayd etish joiz, A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi faoliyati boshqird xalqining madaniy merosi, an’analari, urf-odatlari va ona tilini yanada rivojlantirish va asrab-avaylash, boshqa milliy madaniy markazlar bilan hamkorlik qilish, millatlararo totuvlik, tinchlik va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Ushbu jamoat-madaniy markazi tashkil topgan kundan boshlab o‘tgan davr mobaynida boshqa milliy madaniy markazlar orasida o‘z o‘rnini topdi va nufuzli jamoat tashkilotiga aylandi. Yubiley dasturining birinchi kunida poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi maydonida Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millatlardan bo‘lgan 15 nafar yetim bolalarga boshpana bergan Shomahmudovlar oilasi monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yodgorlik xalqimizga xos do‘stlik, olijanoblik va bag‘rikenglik timsoli sifatida qadrlanadi.
– O‘zbekistonda katta boshqird diasporasi yashaydi, – deydi A.Z. Validiy nomidagi Toshkent shahar boshqird ijtimoiy-madaniy markazi raisi Rinat Gulyayev. – Madaniyat markazlari respublika hududlarida yashovchi boshqirdlarni birlashtiradi. Ularning barchasi boshqird xalqining madaniyati, tili, urf-odatlarini saqlash borasida faoliyat olib boradi. Bu galgi dastur doirasida boshqird raqsi xoreografiyasi bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi.
Bayram munosabati bilan Boshqirdistondan juda katta delegatsiya tashrif buyurdi. Ular Milliy xalq raqs ansambli, 60 ga yaqin artistlardan iborat katta milliy filarmoniya guruhi hisoblanadi. Dastur doirasida "Turkiston" san’at saroyida mazkur ijodiy jamoalar ishtirokida katta gala-konsert bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, “O‘zbekiston boshqirdlari – o‘tmish va bugun” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Manba: O'zA