O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sirdaryo viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi yigʻilishida qishloq xoʻjaligi sohasida korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama etildi

2022-05-16 | Jamiyat

Tahlillarga koʻra, Sirdaryo viloyatida  qishloq va suv xoʻjaligi tizimi eng koʻp jinoyat sodir etilgan yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Jumladan, 2021-yil va joriy yilning oʻtgan davrida qishloq va suv xoʻjaligi sohasiga daxldor idoralarning 32  nafar xodimi jinoiy javobgarlikka  tortilgan. Ularning jinoiy qilmishlari oqibatida yetkazilgan zarar miqdori 5,2 mlrd soʻmni tashkil etadi.


Xoʻsh, bunday korrupsion holatlarga nimalar sabab boʻlmoqda, mavjud muammolarni qanday hal etish mumkin? 

Joriy yilning 13-may kuni boʻlib oʻtgan Sirdaryo viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yigʻilishida shu kabi muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.

 Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati, Milliy kengash aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda Hududiy kengash aʼzolari ishtirok etdi. 

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi tashkilotlari va uning quyi tizimlarida uchrayotgan korrupsion jinoyatlar tahlili, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, olib borilgan oʻrganishlar natijalari yuzasidan masʼullarning axboroti eshitildi. 

Yigʻilishda  tizimda uchrayotgan korrupsiyaviy jinoyatlar xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Qayd etilishicha, viloyatda 2021-yildan shu kunga qadar noqonuniy yer sotish bilan bogʻliq 26 ta holatda jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, natijada jami 200 gektar yer maydonining noqonuniy ravishda sotilishiga chek qoʻyilgan.  

Muloqotlar davomida qishloq xoʻjaligi tashkilotlari va uning quyi tizimlarida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan shu kabi boshqa chora-tadbirlar haqida ham maʼlumot berildi.  Shuningdek, muhokamalar jarayonida hududiy Kengashning ish rejasida belgilangan vazifalar ijrosi ham koʻrib chiqildi. Taʼkidlanishicha, hududiy kengashlarning 2021-yilning oktyabr-dekabr oylari mobaynidagi faoliyatini reyting baholash natijalari koʻra, Sirdaryo viloyati hududlar miqyosida eng yuqori natijani qayd etgan. 

Ishtirokchilar tomonidan kelgusida kengash faoliyati samaradorligini yanada oshirishda eʼtibor qaratilishi va hal etilishi lozim boʻlgan jihatlarga ham  alohida urgʻu berildi.  Xususan, kengash oʻz faoliyatida nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan unumli foydalanish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga aholini keng jalb etish ishlarini yanada kuchaytirishi lozimligi bildirildi. 

Eshituv yakunida Kengash aʼzolari masʼuliyatini oshirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi tizimida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha shu kabi aniq maqsad va vazifalar belgilab olindi.  

Поделиться