Joriy yilning 12-may kuni Urganch shahridagi “Xudaybergan Devonov” nomidagi kinoteatrda ekstremizm va terrorizm, missonerlik g‘oyalariga qarshi hamda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, diniy bag‘rikenglikni ta'minlash bo‘yicha ma'naviy-ma'rifiy va tasviriy targ‘ibot-tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari M.Umurzaqov, “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi boshqaruv raisi I.Latipov, viloyat bosh imomi X.Abdullaev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning hududiy boshqarmasi xodimlari, diniy tashkilotlar vakillari, milliy madaniy markazlar rahbarlari va faol a'zolari, talaba va o‘quvchilar, mahalla faollari jami 300 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, din niqobi ostida turli norasmiy tashkilotlar tomonidan dunyoda sodir etilayotgan xunrezliklar, bunga olib kelgan sabab va shart-sharoitlar muhokama qilinib, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni qadriga yetish, loqayd va beparvochilikka berilmaslik, xalqimiz tinchligi, mamlakatimiz farovonligini ta'minlash bo‘yicha Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat, ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan O‘zbekiston Respublikasini 2022-2026 yillarda rivojlantirish bo‘yicha “Taraqqiyot strategiyasi” doirasida amalga oshiriladigan eng ustivor yo‘nalishlar mazmun-mohiyati yuzasidan tushunchalar berib o‘tildi.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilarga ekstremizm, terrorizm va missionerlikning mudhish qiyofasini fosh etuvchi, millatlararo totuvlikni targ‘ib qiluvchi fotoko‘rgazma hamda videorolik namoyish qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita