O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining yillik yig‘ilishida ishtirok etdi

2022-05-12 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 10-may - 12-may kunlari mobaynida Marrokash shahri (Marokash)da Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) Boshqaruvchilar Kengashining Yillik yig‘ilishi bevosita va onlayn tarzda bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Bankning 71 aksiyadorlari, shu jumladan 69 mamlakat, Yevropa Ittifoqi va Yevropa investitsiya bankidan Boshqaruvchilar va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Bank rahbariyati va xalqaro ekspertlar qatnashmoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchisi, Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov ishtirok etdi.
 
Tadbir dasturi doirasida 11-may kuni Boshqaruvchilar Kengashining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda jahon va mintaqaviy iqtisodiyotning dolzarb tendensiyalari, koviddan keyingi davrda Bankning unga a'zo mamlakatlarda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish choralari hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, shuningdek YeTTBning amaliy va moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq bir qator institusional masalalar muhokama qilindi.
 
Yalpi majlisda so‘zga chiqqan S.Umurzoqov O‘zbekistonning YeTTB bilan hamkorligi barqarorlikka va strategik xususiyatga ega ekanini ta'kidladi. 2021-yilda mamlakatimiz Markaziy Osiyo mintaqasida Bank investitsiyalarining eng yirik oluvchisiga aylanib, Bank mablag‘larining eng yirik oluvchilarining beshtaligiga kirgani hamda o‘tgan yili YeTTB tomonidan mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 600 million yevrodan oshib rekord darajani qayd etgani ma'lum qilindi.
 
Ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish, davlat aktivlari va tijorat banklarini transformasiyalash va xususiylashtirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, sanoatni jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi muvofiq qabul qilingan majburiyatlarni bajarish asnosida turli sohalarda “yashil” texnologiyalarni keng miqyosda joriy qilishda hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorlik bildirildi.
 
Yig‘ilish yakunida Boshqaruvchilar Kengashi Bank faoliyatining kelajakdagi istiqbollarini belgilaydigan bir qator qarorlarni, shu jumladan YeTTB faoliyatini Afrikaning Sahroi Kabiridan janubidagi mamlakatlarga va Iroqqa cheklangan va bosqichma-bosqich kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shuningdek, 2023-yilda YeTTB Boshqaruvchilar Kengashining 32-Yillik yig‘ilishi Samarqand shahrida o‘tkazilishi ma'lum qilindi. Yig‘ilish 16-18 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbir ishtirokchilari uchun Samarqandning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatining taqdimoti tashkil qilindi. Yig‘ilish doirasida 2023-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YeTTB tadbirining stendi ishlab turibdi. U hozirdayoq Bank Yillik yig‘ilishi ishtirokchilari va mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
 
Boshqaruvchilar Kengashining Qarorlari bilan Bankning 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan Strategiyasini amalga oshirish Rejasi va Bankning moliyaviy faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tasdiqlandi.
 
Ma'lumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yil 28 -martda tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi London shahrida joylashgan. O‘zbekiston 1992 -yil 30 -apreldan beri YeTTB a'zosidir.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться