O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Hindiston TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida
2022-05-12 | Siyosat
Dehli shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov va Hindiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjay Verma boshchilik qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning holati hamda rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlarning amalga oshirilishi alohida ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi. Qayd etilganidek, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish umumiy kun tartibidagi barcha sohalardagi aloqalarni jadallashtirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni, jumladan, sanoat kooperatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
BMT, ShHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamkorlikning alohida jihatlari tahlil qilindi.
Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, “yashil” taraqqiyot, shuningdek, ilm-fan va ta’lim yo‘nalishidagi aloqalarni mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Madaniy-gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini ko‘paytirish yuzasidan takliflar o‘rganildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini tegishli va amaliy ahamiyatga ega hujjatlar orqali kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi