O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ichki turizmni isloh etish borasida maxsus seminarlar tashkil etilmoqda
2022-05-11 | Turizm
Respublika iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga ko‘tarish, ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan taʼminlash va ularning daromad manbaini kengaytirish borasida tizimli ish jarayoni yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 30-aprel kuni qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shu kunlarda qaror ijrosini o‘z vaqtida sifatli taʼminlash choralarini ko‘rish bo‘yicha Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan mutasaddi xodimlar uchun 7 kunlik maxsus o‘quv kursi tashkil etilmoqda.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahri hamda viloyatlar hokimlarining turizm va madaniy meros masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, hududiy madaniy meros boshqarma boshliqlari hamada hududlarning Iqtisodiy taraqqiyot boshqarmalari va Xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘limlari boshliqlari, tuman (shahar)lar hokimlari hamda mahallalarga biriktirisenlgan hokim yordamchilari, ilg‘or tajribaga ega tadbirkorlardan iborat jami 230 nafar tinglovchi qatnashmoqda.
Seminar avvalida Turizm va madaniy meros vaziri A. Abduhakimov so‘zga chiqib, joylarda hokimliklar tomonidan mehmonxona, muzey, madaniy meros obyektlari, transport, yo‘llar, servis, ovqatlanish joylarini turistlarni qabul qilishga tayyorlash borasidagi kamchiliklarni bartaraf etish zarurligini qayd etdi:
“Yil yakuniga qadar prezidentimiz tomonidan soha uchun belgilab bergan bir qator ustuvor vazifalarimiz bor. Jumladan, har bir viloyatda turistlarni o‘ziga “magnitday” jalb qiladigan kamida 20 million dollarlik 1 tadan yirik loyihalarni boshlash, joriy yilda ichki turizm oqimini kamida 10 millionga yetkazish hamda hududlarda 186 ta xalqaro va mahalliy festivallar tashkil etish orqali, joriy yilda kamida qo‘shimcha 1 million xorijiy va 5 million nafar ichki turistlarni jalb qilish bo‘yicha bor imkoniyatlarimizni ishga solishimiz kerak. Bu borada sohada yetarli potensial mavjud”, - dedi A. Abduhakimov.
O‘quv kurslari yakunida manfaatdor vazirlik va idoralar masʼul xodimlari ishtirokida turizmga ixtisoslashgan har bir tuman (shahar) hamda mahallalar kesimida “Yo‘l xaritasi” loyihalari ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, kurs yakuni bo‘yicha ularning taqdimoti o‘tkaziladi.
Seminarning har bir kunida turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning uchtuvor yo‘nalishlari va soha oldidagi muhim vazifalar bo‘yicha vazir o‘rinbosarlari B.Shahriyorov, N. Zikrillayev va bir qator xorijlik ekspertlar hamda professor-dotsentlar tomonidan maruzalar tashkil etilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi