O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Мanfaatlar toʻqnashuvi alohida qonun bilan tartibga solinmoqda

2022-05-11 | Jamiyat

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) ga davlat idoralarida manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash, oldini olish va tartibga solish mexanizmlarini aniq belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Qonun loyihalarida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
 Davlat tashkilotining manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish sohasidagi majburiyatlari sifatida manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar va xabarnomaning belgilangan shaklini oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtirish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qabul qilingan qarorlarni belgilangan tartibda oʻzgartirish yoki bekor qilish yoxud bunday bitimlarni haqiqiy emas deb topish boʻyicha belgilangan tartibda sudga daʼvo kiritish, aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha xizmat tekshiruvlarining xolis tashkil etilishi hamda uning natijalarining odob-axloq komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishini taʼminlash, shuningdek oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni ragʻbatlantirish choralarini koʻrish va boshqalar qayd etilmoqda.

Davlat tashkiloti xodimi tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qilish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi belgilanmoqda:
– manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni deklaratsiya qilish;
– mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berish.

Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanib, unga koʻra, Agentlik:
– manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq maʼlumot va materiallarni davlat tashkilotlaridan soʻrab oladi va oʻrganadi;
– davlat tashkilotlarining manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
– manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha davlat tashkilotining faoliyatini oʻrganadi, jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida davlat tashkilotida oʻrganishlar oʻtkazadi;
– manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq har qanday holatlar aniqlanganda, bitim, buyruq va boshqa hujjatni bekor qilish toʻgʻrisida davlat tashkilotiga taqdimnoma yoki ularni haqiqiy emas deb topish boʻyicha sudga daʼvo kiritadi;
– manfaatlar toʻqnashuvi oqibatida fuqaro, tashkilot va davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanishiga erishish ustidan nazoratni amalga oshiradi va boshqa vakolatlari belgilanmoqda.

Shu oʻrinda, manfaatlar toʻqnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari belgilanmoqda.  Jumladan:
– manfaatlar toʻqnashuvini maʼlum qilmaslik yoki uning tartibga solinmaganligi uchun intizomiy yoki qonunchilikda belgilangan boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻlishi;
– davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining har bir holatda manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun BHMning uch baravardan besh baravarigacha (takroran boʻlsa – BHMning besh baravardan oʻn baravarigacha), mansabdor shaxslarining ushbu vaziyatlarni tartibga solmaganligi uchun BHMning besh baravardan oʻn baravarigacha jarimaga (takroran boʻlsa – BHMning oʻn baravardan oʻn besh baravarigacha);
– maʼmuriy bayonnoma tuzish vakolatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli boʻlgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilmoqda;
– manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan holda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar bekor qilinishi sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi, shuningdek ushbu qarorlar haqiqiy emas deb topilgan taqdirda olingan foyda sud tartibida davlat daromadiga oʻtkazilishi;
– manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash mexanizmlari belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat tashkiloti xodimining yaqin qarindoshlari va unga aloqador boʻlgan shaxslar mazkur xodimning mehnat qilayotgan tashkiloti bilan huquqiy munosabatga kirishayotganida manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda xabar berishi lozimligi belgilanmoqda.

Davlat tashkiloti odob-axloq komissiyasining manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish sohasidagi vakolatlari sifatida:
– davlat tashkilotining rahbar xodimlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha koʻrilgan choralarning maqbulligini koʻrib chiqish;
– xizmat tekshiruvi natijalarini koʻrib chiqish asosida davlat tashkilotining xodimlari tomonidan mazkur Qonunda belgilangan talablar buzilishining mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisida xulosa chiqarish;
– davlat tashkiloti rahbariga manfaatlar toʻqnashuvini maʼlum qilmagan, bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim qilgan yoxud bunday maʼlumotlarni yashirgan xodimni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taklif kiritish;
– davlat tashkilotida manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini tahlil qili va ularni tartibga solish boʻyicha uslubiy takliflar ishlab chiqish va boshqalar qayd etilmoqda.

Поделиться