O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekistonlik qizlar stratosferaga nanoyo'ldosh uchirdilar
2022-05-10 | Jamiyat
Joriy yilning 8-may kuni O'zbekistonning turli hududlaridan UniSat dasturi ishtirokchilari bo'lgan 20 nafardan ortiq qizlar stratosferaga o'zlari yasagan zamonaviy nanoyo'ldoshni uchirdilar. O'zgidromet mutaxassislari ko'magida qizlar to'plangan meteorologik ma'lumotlarni tahlil qiladilar.
— Nanoyo‘ldoshning uchirilishi va olinajak maʼlumotlarning tahlili qizlarimiz uchun muhim qadam bo‘ldi, – deydi innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova. — Fan, texnologiya va maʼlumotlar tahlili sohasida qizlar uchun imkoniyatlar cheksizdir va biz O‘zbekiston qizlarini STEM yo‘nalishi bo‘yicha kasb tanlashga, ilmiy izlanishlar va tajribalar o‘tkazishga hamda o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishdan qo‘rqmaslikka chaqiramiz.
Navoiy viloyati o'zining mos landshafti, undagi ko'plab innovatsion va texnologik loyihalar amalga oshirilayotgani tufayli uchirish maydoni sifatida tanlandi. Nanoyo'ldoshlar Aeronavigatsiya xizmati mutaxassislari nazorati ostida uchirilib, nanoyo'ldosh stratosferada taxminan 2 soat bo'lib, 11,6 km balandlikka ko'tarildi.
UniSat xalqaro ta'lim dasturi o'tgan yilning 2-noyabr kuni UNICEF, Tech4Impact NNT va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalariga qiziquvchi qizlar uchun rasman ishga tushirildi. 15-26 yoshdagi 188 nafar o'zbekistonlik qizlar kodlash, muhandislik va ma'lumotlarni tahlil qilish bo'yicha 4 oylik onlayn kursni tamomladilar. 20 nafar eng yaxshi akademik natijalarga erishgan qizlar Qirg'iziston va Qozog'istonlik tengdoshlari bilan birgalikda Olmaota shahrida nanoyo'ldoshni yig'ish, uchirish va olingan ma'lumotlarni tahlil qilish bo'yicha 10 kunlik amaliy seminarda qatnashdilar.
- Innovatsiyalar va texnologiyalardan foydalanish yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Qizlarni STEM bo'yicha qo'llab-quvvatlash ular har qanday sohada muvaffaqiyatga erishishlari mumkinligiga ishonchlarini oshirish uchun muhimdir. Bugun biz tarixiy lahzaning guvohi bo'lib turibmiz – 20 nafar qiz o'z ilmiy ishlanmalarini ilgari surdi va gender stereotiplaridan ozod jamiyat qurish sari qadam tashladi,” – dedi UNICEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.
UNICEF, Tech4Impact NNT va Innovatsion rivojlanish vazirligi barcha qizlarni kelajak haqidagi orzulariga erishish uchun raqamli imkoniyatlardan foydalanish imkoniyatini ta'minlashda qo'llab-quvvatlamoqda.
«UniSat — shunchaki loyiha emas. Bu – bilim. Bu – insonlar. Bu – rag'batlantirish,» – deydi 17 yoshli loyiha ishtirokchisi Diyora Daminova.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi